O‘zbekiston | 20:17 / 11.04.2019
5092
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi

O‘zbekiston prezidentining “2019-2021 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini yanada jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmonga muvofiq, 2022 yilning 1 yanvariga qadar quyidagilar amalga oshirilishi belgilandi:

farmatsevtika mahsulotlarining klinik-oldi tadqiqotlarini amalga oshiruvchi barcha laboratoriyalar Zarur laboratoriya amaliyoti (GLP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi lozim;

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining klinik tadqiqotlar o‘tkazuvchi barcha klinik bazalari Zarur klinika amaliyoti (GCP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi lozim;

farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi barcha mahalliy korxonalar Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi lozim;

farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shug‘ullanuvchi barcha mahalliy korxonalar Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP) milliy talablariga muvofiq majburiy sertifikatlashtirilishi zarur.

Hujjatda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2019 yil 1 iyunga qadar farmatsevtika tarmog‘i va respublika sog‘liqni saqlash tizimiga zarur amaliyotlar (GxP) talablarini joriy etish tarmoq jadvalini Vazirlar Mahkamasiga kiritishi ko‘rsatildi.

Farmon bilan 2019—2021 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Agentlik qoshida yuridik shaxs tashkil etmagan holda, Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilishi belgilandi.

Farmonda ko‘rsatilishicha, Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi maqsadlarga ishlatiladi:

farmatsevtika mahsulotlarining yangi turlarini yaratish bo‘yicha ilmiy ishlanmalarni tashkillashtirish uchun Agentlik qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga grantlar taqdim etish;

Agentlik qoshidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va farmatsevtika mahsulotlarining sifat nazoratini amalga oshiruvchi davlat laboratoriyalarini zarur asbob-uskuna va texnika bilan jihozlash;

respublikada ishlab chiqarilmaydigan farmatsevtika mahsulotlari yangi turlarining klinik-oldi va klinik tadqiqotlarini mahalliy muassasalarda o‘tkazish uchun mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining sarf-xarajatlarini eng kam oylik ish haqining 100 baravari miqdorida qoplash;

mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlarining 50 foizini ular ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan so‘ng qoplash;

mahalliy farmatsevtika mahsulotlarini ilgari surish bo‘yicha, shu jumladan xorijda o‘tkaziladigan ko‘rgazma va yarmarkalar tashkil qilish, seminarlar o‘tkazish, taqdimot materiallari, ko‘rgazma stendlarini tayyorlash, Agentlik va unga idoraviy mansub tashkilotlar mutaxassislarining mazkur tadbirlarda ishtirok etishi;

Agentlikning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, uning ishchilari va jalb etiladigan mutaxassislarni moddiy rag‘batlantirish, shuningdek, Agentlik xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan mamlakatimizda avval ishlab chiqarilmagan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun jalb etiladigan ekvivalenti 1 mln AQSh dollaridan oshmagan kreditlarning foizlar bo‘yicha xarajatlarini ikki yil mobaynida qoplash;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan Agentlik faoliyati bilan bog‘liq boshqa chora-tadbirlar.

O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi bir oy muddatda 2017 yil 6 yanvardagi “Oziq-ovqat, charm-poyabzal va farmatsevtika sanoatida investitsiya loyihalarini moliyalashtirish manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga muvofiq ochilgan kredit liniyasi mablag‘lari hisobidan tegishincha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi va Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasiga 25 mln AQSh dollaridan ajratadi.

Farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari va oliy ta'lim muassasalari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun olib kelinadigan hamda farmatsevtika mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar tomonidan apteka ichida dori tayyorlash maqsadida olib kiriladigan, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan texnologik va laboratoriya uskunalari, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, farmatsevtika ishlab chiqarish binolari uchun “toza xonalar”, sendvich-panellar va ventilyatsiya tizimlari, shuningdek, laboratoriya hayvonlarini boqish, klinik-oldi tadqiqotlar va dori vositalari ishlab chiqarish (shu jumladan apteka ichida tayyorlash) uchun ishlatiladigan xomashyo va materiallar, tibbiyot buyumlari va qadoqlash materiallari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha 2022 yil 1 yanvarga qadar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilindi.

Shuningdek, hujjat bilan 2019-2021 yillarda respublika hududida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish tavsiya etilgan dori vositalari guruhlari ro‘yxati tasdiqlandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid