Jamiyat | 14:47 / 11.04.2019
15745
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga aloqador petitsiya e'lon qilindi

Foto: Pixabay

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish haqida petitsiya e'lon qilingan.

O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan murojaatlarni ko‘rib chiqish muddati kelib tushgan kundan e'tiboran o‘n besh kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish yoki tekshirish, qo‘shimcha hujjatlarni so‘rab olish talab etilganda esa, bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqilishi belgilangan. 

“Juda ko‘p hollarda murojaatlarga javoblar, qanday tasnifda bo‘lishidan qat'iy nazar, “maksimal” - 15 yoki 30 kunga cho‘zilib ketyapti. Masalan, Navoiy shahar hokimligiga arzonlashtirilgan uy olish uchun ro‘yxatga olishlarini so‘rab yo‘llagan murojaatimga roppa-rosa 30 kunda javob xati oldim. Javob xati “arzonlashtirilgan uylarga ro‘yxatga olish to‘xtatildi” degan qisqa mazmunda bo‘lib, menimcha, bu murojaatga 30 kunda emas, 1 yoki 2 kun ichida javob xati yozish mumkin”, - deydi murojaat muallifi.

Shu sababli, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga javob berish muddatlarini ayrim murojaatlar uchun 3-5 kun qilib belgilash taklif etilgan.

“Masalan, jismonan 20 daqiqa vaqt ichida hal qilinadigan javoblar, kompyuter ma'lumotlar bazasidan olinadigan javoblar, vakolatga taalluqli bo‘lmagan masalalarga bu haqida xabardor qilish uchun beriladigan javoblar va ma'lumotnomalar shular jumlasidandir”, - deyiladi petitsiyada. 

Bildirilishicha, buning uchun “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish lozim bo‘ladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid