O‘zbekiston | 21:45 / 11.04.2019
4250
2 daqiqa o‘qiladi

Xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi 50 ga yaqin tashkilot NNTlar klubiga qo‘shildi

Foto: Xotin-qizlar qo‘mitasi

Xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi 50 ga yaqin tashkilot Nodavlat notijorat tashkilot (NNT)lar klubiga ixtiyoriy ravishda birlashdi. Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati Kun.uz'ga shu haqida xabar berdi. 

Klub a'zolari safini kengaytirish maqsadida 2019 yilning 10 aprel kuni O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi va Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi hamkorligida imkoniyati cheklangan bolalar, shuningdek, alohida iqtidorli bolalar va yoshlar muammolarini o‘rganuvchi, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalarning ijtimoiylashuvi hamda huquqlarini himoya qilish kabi yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatayotgan NNTlar bilan davra suhbatlari o‘tkazildi.

Nodavlat notijorat tashkilotlar klubi joriy yilning 5 mart kuni O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida tashkil qilingan edi.

Klubning asosiy maqsadi xotin-qizlar sohasida faoliyat olib boruvchi nodavlat notijorat tashkilotlarning hamkorlik qilish, faoliyatini muvofiqlashtirish maydonini yaratish, ijobiy tajribalarini ommalashtirish, shuningdek, ijtimoiy xizmatlarni muvofiqlashtirish, ayollar va bolalar masalalarida duch kelayotgan muammolarda NNTlarning rolini oshirishdan iborat.

Ayni paytda O‘zbekistonda 9697 ta NNT mavjud bo‘lib, ulardan 376 tasi xotin-qizlar sohasida ish olib boradi.

Mavzuga oid