20:57 / 12.04.2019
24101

2018 yilda Putin qariyb 9 mln, uning vakili esa 650 mln rubldan ortiq pul topdi

Foto: Sputnik

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 2018 yilda 8 mln 648 ming 353 rublga ishlagan. Kreml saytida e'lon qilingan daromad, xarajat va mol-mulk deklaratsiyasida ana shunday ma'lumot berildi.  

O‘tgan yili Rossiya prezidentining maoshi oyiga o‘rtacha 720,7 ming rublni tashkil etgan.

Deklaratsiyaga ko‘ra, Putin maydoni 77 va 153,7 kv metrga teng ikkita kvartira hamda maydoni 18 kv metrli ikkita garajga ega. Ularning barchasi Rossiya hududida.

Uning ixtiyorida ikki dona nodir "Volga" GAZ M21, bitta "Niva" yo‘ltanlamasi va "Skif" tirkamasi bor.

Ma'lumot berilishicha, Putin 2017 yilda 18 mln 728 ming 268 rubl daromad qilgan. Bu summaga maydoni 15 sotixli yer uchastkasi sotilishidan tushgan mablag‘ ham kiritilgan.  

Kreml saytidagi ma'lumotlarga ko‘ra, Rossiya prezidentining Privoljye federal okrugidagi muxtor vakili Igor Komarov 2018 yilda 657 mln 278,4 ming rubl, ya'ni davlat rahbaridan 76 baravar ko‘proq daromad ko‘rgan.

Prezident administratsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko esa deklaratsiyada 66 mln 631,6 ming rubl ishlab topganini ko‘rsatgan. Kremlning ijtimoiy loyihalar bo‘yicha boshqaruvi rahbari Sergey Novikov 61 mln rublga ishlagan.

Top