Davlatlar aholining o‘rta qatlami sharoitini qanday yaxshilashi mumkin?
Keyingi o‘ttiz yil ichida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ga a'zo mamlakatlarda aholining o‘rta qatlami 64 foizdan 61 foizga tushib ketdi.
Shu bilan birga ularning daromadlari ham pasaygan – o‘rta qatlam o‘zining iqtisodiy ta'sirini yo‘qotmoqda. Bu haqda BMTga mualliflaridan biri bo‘lgan Maykl Forster taqdim etgan IHTT hisobotida aytiladi. U BMT yangiliklar xizmatiga mazkur hisobot to‘g‘risida batafsil ma'lumot berdi.
- Hisobotdagi ma'lumotlarga ko‘ra, aksariyat odamlar o‘zlarini o‘rta qatlamga mansub deb biladi. Bu nimani anglatadi?
- Biz hisobotda mamlakat bo‘yicha o‘rtacha daromadning 75 foizidan kam bo‘lmagan va 200 foizidan ortiq bo‘lmagan miqdorda daromad topuvchilarni ko‘rib chiqdik. Aholining taxminan 61 foizi, ya'ni ko‘pchilik bu toifaga kiradi. Daromad yuqori darajada bo‘lgan davlatlar, masalan AQShda bu yiliga 23 ming dollardan 62 ming dollargacha tashkil etadi. Xitoyda bu daromad yiliga 5 ming dollardan 13 ming dollargacha.
O‘rtacha olganda, aholining 55dan 80 foizgacha qismi o‘zini o‘rta qatlamga mansub deb hisoblaydi.
- Hisobotda o‘rta qatlamning nafaqat ulushi, balki iqtisodiy ta'siri ham kamayib borayotganligi aytilgan. Bu nima degani?
- Iqtisodiy ta'sir ulushga nisbatan muhimroqdir. Ha, o‘rta qatlamning ulushi keyingi 20-30 yilda 64 foizdan 61 foizga pasaydi. Ammo bu iqtisodiy ta'sir ko‘rsatkichiga nisbatan unchalik qo‘rqinchli emas. O‘ttiz yil avval o‘rta qatlamning barcha vakillari yalpi daromadi yuqori qatlamning yalpi daromadidan to‘rt baravarga ko‘p edi, hozirda esa uch baravardan ham kamroq. AQShda esa, o‘rta qatlamning yalpi daromadi «yuqori»ning daromadidan anchagina past.
- Hozirda o‘rta qatlam qanday muammolarga duch kelmoqda?
- Birinchi navbatda, bu iqtisodiy resurslarning yetishmasligi. Bugungi kunda odamlarga, ayniqsa yoshlarga pul to‘plash, jamg‘arish, uy-joy va ta'limga investitsiya qilish borgan sari qiyinlashmoqda.
- Davlatlar aholining o‘rta qatlami sharoitini qanday yaxshilashi mumkin?
- Ayrim davlatlarda asosiy muammo uy-joy masalasi hisoblanadi, boshqa birlarida o‘rta-maxsus va oliy ta'lim olish muammo. Mos ravishda, birinchi guruhdagi davlatlar aholiga uy-joy uchun arzon narxlarni kafolatlashi, ikkinchi guruhdagilar ta'lim tizimini isloh qilishi lozim. Zamonaviy sharoitlarda muntazam ravishda malaka oshirish, yangi kasblarni o‘zlashtirish imkoniyati mavjud bo‘lishi – odamlar umrlari davomida o‘qib-o‘rganishlari kerak. Shuningdek, aholining tibbiy xizmatlardan foydalanishini ta'minlash muhim hisoblanadi.
Yana bir muhim jihat – bu jamiyatdagi daromadlarni adolatli tarzda taqsimlash imkonini beruvchi siyosat olib borish.
- Xitoy kabi davlatlarda aksincha, o‘rta qatlam o‘sib bormoqda...
- Hisobot asosan Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotiga a'zo mamlakatlarga tegishli, ammo rivojlanayotgan yirik davlatlarni ham kiritdik. Xitoy, Hindiston va Braziliyada keyingi 20-30 yilda o‘rta qatlam darhaqiqat o‘sdi, lekin hukumat mos ravishda ijtimoiy siyosat o‘tkazmadi. Shuning uchun bu davlatlar o‘rta qatlami vakillarida salomatlik yoki ishsizlik bilan bog‘liq kutilmagan vaziyatlar uchun ijtimoiy himoya yo‘q. Masalan, kimdir yuragi xuruj qilsa yoki avtohalokatga uchrasa, u birdaniga qashshoqlik yoqasida qoladi. Yevropa davlatlarida esa o‘rta qatlam daromadlari turg‘unligi bo‘lib o‘tgan, ammo shu bilan birga ijtimoiy himoya mavjud. Harholda, u yerda o‘rta qatlamga o‘ta qashshoqlik xavf solmaydi.
Mavzuga oid
15:19 / 15.11.2024
Sanoati rivojlangan mamlakatlarga migratsiya darajasi yangi cho‘qqiga chiqdi
09:47 / 03.05.2024
IHTT global iqtisodiy prognozni yaxshiladi
11:33 / 12.04.2024
Urush va pandemiya tufayli IHTT davlatlarining yordami uchdan bir qismga oshdi
08:41 / 20.09.2023