Jahon | 20:20 / 24.04.2019
3755
4 daqiqa o‘qiladi

YUNISEF: bugun vaksina uchun sarflangan 1 dollar kelajakda 44 dollar foyda bo‘lib qaytadi

O‘zbekistonda 2020 yilda aholi salomatligini sifatli vaksinalar yordamida himoya qilishda xalqaro donorlar ko‘magi o‘rniga davlat budjetidan mablag‘ ajratilishiga o‘tish ko‘zlanmoqda. Emlash kampaniyasining moliyaviy masalalari xususida YUNISEF va Sog‘liqni saqlash vazirligi ishtirokidagi davra suhbatida shu haqda so‘z bordi.

24 aprel kuni har yili aprel oyining so‘nggi haftasida o‘tkaziladigan jahon immunizatsiya haftaligi start oldi. Bu yilgi haftalik tadbirlari «Birgalikda himoyalanaylik: vaksinalar samaralidir»  shiori ostida bo‘lib o‘tadi.

Mazkur haftalikning boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan davra suhbatida O‘zbekistonning immunizatsiya siyosati, aholini sifatli vaksina bilan o‘z vaqtida ta'minlash borasidagi yutuq va kamchiliklar xususida so‘z bordi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining bolalar jamg‘armasi (UNICEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi sog‘liqni saqlash bo‘yicha mutaxassisi Sufang Guoning bayon qilishicha, bugun vaksina uchun ajratilgan 1 dollar kelajakda 44 dollarli foyda bo‘lib qaytadi.

«O‘zbekiston vaksina preparatlarini davlat budjeti asosida xarid qilishga o‘tishi e'tiborga molik qadam, albatta. Shuningdek, immunizatsiyaning ahamiyatini muntazam ravishda to‘g‘ri targ‘ib qilish, tibbiyot xodimlarining malakasini tizimli ravishda oshirib borish, preparatlarni tashish hamda sifatli saqlash kabi masalalarning ham moliyalashtirilishini ko‘zdan qochirmaslik lozim. Eng ahamiyatlisi, aholining qanchasi emlandi, qanchasi emlanmadi, bundan qanday natijaga erishilyapti kabi savollar bo‘yicha statistik ma'lumotlar muntazam ravishda hamda aniq raqamlar asosida yuritilishi lozim» , – deydi mutaxassis.

Respublika bosh epidemiologi Nurmat Otabekov immunizatsiya sohasida mavjud yutuq va muammolar xususida ma'lumot berdi. Unga ko‘ra, mustaqillikning dastlabki yillarida 6 xil vaksina qo‘llangan bo‘lsa, hozirgi kunda aholi milliy emlash taqvimiga asosan 13 turdagi vaksina bilan emlanadi.

«2008 yilda emlash kampaniyasi uchun 5 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 138 mlrd.ni tashkil etadi» , – deydi Otabekov .

Immunizatsiya ishlarining to‘g‘ri olib borilgani natijasida hozirda aholining 99 foizi vaksina preparatlari bilan qamrab olingan. O‘zbekiston poliomelit, qizamiq va qizilchadan xoli hudud sifatida e'tirof etilgan.

Milliy immunizatsiya dasturi maqbul darajada ishlayotgani, mazkur dasturning huquqiy asoslari mavjudligi hamda ularning amal qilayotgani, emlash bo‘yicha texnik-konsultativ ekspertlar guruhining faoliyati yo‘lga qo‘yilgani sohaning yutuqlari hisoblanadi.

Immunizatsiya uchun davlat budjetidan pul ajratilishi masalalarining to‘la hal etilmagani, epidemiologlarda boshqaruv ko‘nikmalarining mavjud emasligi, vaksinatsiya bo‘yicha kadrlar tanqisligi, xodimlarning ish yuklamasi ko‘pligi hamda maoshning kamligi, joylarda aholi va tibbiyot xodimlari sonining nomuvofiqligi sohada mavjud muammolar hisoblanib, ular to‘g‘ri va tezkor yechimni talab qiladi.

YUNISEF hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi ota-onalarni farzandlarini o‘z vaqtida xavfli kasalliklarga qarshi emlatishga da'vat etadi.

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid