Men Abdullayev Javlonbek 1996 yilda Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida tug‘ilganman. Oilada kenja farzandman. Nihoyatda sho‘x, o‘yinqaroq edim. Do‘stlarim bilan chillak o‘ynashni, to‘p tepib mahallani boshga ko‘tarishni yoqtirardim. Dadam rahmatli esa ilmga qiziquvchan inson edi. Mening ilmli bo‘lishimni istab, tez-tez kitob va daftarlar olib kelardi. Besh yoshimdan boshlab rus va o‘zbek tili alifbosini o‘rgatdi. Dadam o‘rgatgan she’rlarini berilib yodlaganimni ko‘rsa, ich-ichidan sevinardi.

Bolalarning qiziqishlari deyarli bir-biriga o‘xshash bo‘ladi. Men ham ko‘pchilik o‘g‘il bolalar kabi futbolchi bo‘lishni orzu qilardim.

Bu voqea 14 avgust kuni sodir bo‘ldi. Dadam va onam bozor-o‘char qilgani ketishdi. Opam ham uyda nimadir ish qilayotgandi. O‘ynash uchun ko‘chaga chiqdim-u, chanqaganimni his qildim. Ariqdan muzdek suv ichgim keldi. Qishloqning suvi baribir boshqacha-da, to‘yib-to‘yib ichdim. O‘shanda uzoqdan nimadir kelayotganini payqadim, ha “Kamaz” ekan. Shoshib, devor tagiga o‘tishim kerakligini tushundim. Keyin... Nima bo‘ldi, tushunmadim. Mashina signalining qattiq ovozi, chang-to‘zon. Men “Kamaz” g‘ildiragi yonida yotardim. Yuzimni siypaladim, burnimdan ozgina qon oqibdi, qo‘llarim ham changga belanibdi. Shu payt qo‘shni ayollardan biri chiqib, “dod” deb baqirdi va “gup” etib yiqildi. Keyin yana bir ayol hushini yo‘qotdi. Bir necha qadam narida opamning yig‘lab yugurib yurganini ko‘rdim. Uni chaqirmoqchi bo‘ldim. Va qarshimdagi manzarani ko‘rib, o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Ro‘paramda oyog‘im, ha, mening oyog‘im tipirchilayotgan jonivordek harakatlanardi. Bir payt opam uni mahkam bag‘riga bosib, yonimga keldi. Og‘riqni his qilmadim, ammo oyog‘imni uning qo‘lida ko‘rib, hushimni yo‘qotdim.

Ko‘zimni ochib, yonimda dadam va onamni ko‘rdim. Ularga ayb menda emasligini, nima bo‘lganini tushunmay qolganimni tushuntirmoqchi edim, ammo ikkilandim. O‘rnimdan turay deb choyshabni ko‘targanda esa...hammasini tushundim. “Mening oyoqlarim qani?” deb baqirdim. Boyadan buyon tinmay labini tishlayotgan onam ho‘ngrab yig‘ladi, dadam esa yuzini kaftlari bilan to‘sdi.

Ikki oy deganda kasalxonadan uyga qaytdik. Xursandchilik oilamizni butunlay tark etgan edi. O‘sha damda ko‘zimga atrof-muhitdan tortib, menga qadrdon bo‘lgan buyumlar va odamlargacha begonadek tuyuldi. To‘pning ortidan yugurib yurgan bola uchun kun bo‘yi shiftga termulib yotish azob edi. Ahyon-ahyonda qo‘shni qizlarning arg‘imchoq o‘ynashganini yoki bolalar to‘p tepishayotganini eshitib qolardim. Deraza yoniga sudralib kelib, ularni kuzatardim. Havasim kelib, ko‘chaga chiqqim kelardi-yu, oyog‘im yo‘qligi yodimga tushib yana karavotimga borib yotardim.