Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Eurasian Book Fair-2019: «O‘zbekiston» nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan «Abay» kitobi oliy mukofotni qo‘lga kiritdi
Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida bo‘lib o‘tgan “Eurasian Book Fair-2019” IV xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tasarrufidagi “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etilgan Muxtor Avezovning “Abay” nomli kitobi oliy mukofot – Gran-prini qo‘lga kiritdi.

Agentlik tarkibidagi “O‘qituvchi” nashriyotida chop etilgan Obiddin Mahmudovning “Farzandnoma” kitobi esa “Fan va innovatsiya” nominatsiyasida I darajali Diplom bilan taqdirlandi. G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi va “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyotlariga ham Xalqaro ko‘rgazma tashkilotchilarining maxsus Diplomlari topshirildi.

24-27 aprel kunlari “Korme” ko‘rgazmalar markazida o‘tkazilgan Yevrosiyo xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasida Rossiya, Xitoy, Eron, Turkiya, Polsha, Belgiya, Ozarboyjon, Latviya, Ukraina, Armaniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekistondan jami 90 ta tashkilot ishtirok etdi.

Mazkur nufuzli tadbir kitobxonlikni targ‘ib etish, nashriyotlar, yozuvchilar, madaniy-ma'rifiy muassasalar, kitob savdosi bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarning o‘zaro hamkorligini mustahkamlash, jahon noshirlik va poligrafiya sanoati tajribasini o‘rganish, yetakchi nashriyotlarning eng yaxshi zamonaviy kitoblar to‘plamini o‘quvchilar va xaridorlarga yetkazish, kitob mahsulotlarini yangi texnologiyalar asosida ishlab chiqarish va tarqatishga doir istiqbolli vazifalarni belgilash hamda xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi Qozog‘iston Respublikasining Milliy akademik kutubxonasiga tashrif buyurib, zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan, bir yarim million kitob fondiga ega kutubxona faoliyati bilan tanishdi. Kutubxonaga o‘zbek noshirlari tomonidan chop etilgan Alisher Navoiy, Aleksandr Pushkin, Chingiz Aytmatov va boshqa adiblarning asarlaridan iborat kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.

Qozog‘istonlik yozuvchi Mergen Toqsanbay, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Uluqbek Yesdaulet, Qozog‘iston Milliy Fanlar akademiyasi akademigi, tarix fanlari doktori, professor, Yevrosiyo milliy universiteti rektori Yerlan Siddiqov bilan muloqot davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda o‘tkazilgan III Yevrosiyo xalqaro kitob ko‘rgazma-yarmarkasida ham “O‘zbekiston” nashriyoti Nursulton Nazarboyevning “XXI asr arafasida” kitobi uchun Gran-pri mukofotini qo‘lga kiritgan edi.
Mavzuga oid
18:07 / 07.03.2026
Andijonlik qiz kelinlik uyiga 800 ta kitobdan iborat sep bilan bordi
18:46 / 03.03.2026
Xayrulla Asadov jarimaga tortilib, yuzta kitobi musodara qilindi
16:53 / 20.02.2026
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov “Erkin millat poydevori” nomli kitobini taqdim etdi
14:09 / 16.01.2026