O‘zbekiston | 08:24 / 02.05.2019
8314
3 daqiqa o‘qiladi

Soliq nizolarini sudgacha qanday hal qilish mumkin. Yo‘riqnoma

Foto: Dreamstime

Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasi Davlat soliq qo‘mitasining yangi tuzilmalaridan biridir, deb xabar qilmoqda DSQ matbuot xizmati.

Soliq to‘lovchilar ushbu boshqarma faoliyatidan to‘liq boxabar bo‘lmasligi tabiiy, albatta. Shu bois bu haqda batafsil ma'lumot beriladi.

Prezidentning 2018 yil 26 iyundagi «Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3802-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan Davlat soliq qo‘mitasining Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasi hududiy davlat soliq boshqarmalarida ham quyi tuzilmalarga ega.

Mazkur boshqarma o‘z faoliyatida soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining qo‘llanilishi va buzilishini aniqlashda soliq to‘lovchilar hamda davlat soliq xizmati organlari o‘rtasida yuzaga keladigan nizolarni ko‘rib chiqadi.

Davlat soliq xizmatining yuqori turuvchi organiga shikoyat tarzidagi murojaatni soliq to‘lovchi o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlari poymol etilgach, yozma yoki elektron shaklda yo‘llashi mumkin. Boshqarma xodimlari 15 kundan 30 kungacha bo‘lgan davrda shikoyatni to‘liq tekshirib chiqadilar va natijasi bo‘yicha soliq to‘lovchiga javob yo‘llaydilar.

Shikoyatni ko‘rib chiqish jarayonida murojaat qilgan shaxsning ortiqcha ovoragarchiligiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida uning ishtiroki talab etilmaydi va hech qanday moliyaviy sarf-xarajat so‘ralmaydi. Bu esa soliq to‘lovchining vaqti va puli tejalishiga xizmat qiladi.

Soliq to‘lovchi nizoli holat bo‘yicha o‘z shikoyati bilan avvalo, viloyat yoki shahar soliq organlari boshqarmalariga, agar ushbu hududiy bo‘linmalar orqali soliq nizolari bartaraf etilmagan taqdirda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Davlat soliq qo‘mitasiga yozma yoki soliq.uz veb-saytidagi shaxsiy kabinet orqali elektron tarzda murojaat etishi mumkin.

Agar shunda ham soliq to‘lovchi qanoatlanmasa, u holda bevosita sudga yoki Moliya vazirligi huzuridagi Soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashiga murojaat qiladi.

Moliya vazirligi huzuridagi Soliq to‘lovchilar va davlat soliq xizmati organlari o‘rtasidagi soliq nizolarini sudgacha hal qilish kengashi tomonidan tortishuvli yoki bahsli holatlar aniqlangan taqdirda Vazirlar Mahkamasiga soliq qonunchiligiga o‘zgartirish kiritish yuzasidan murojaat yo‘llanadi.

Soliq nizolarini sudgacha hal qilish boshqarmasi tomonidan har qanday murojaat haqqoniy va xolis tarzda, hech bir tomonga yon bosmagan holda ko‘rib chiqiladi.

Shu bois boshqarma faoliyatida qonun ustuvorligi va tezkorlik – asosiy mezon etib belgilab olingan, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid