O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq bema'ni tashabbus bilan chiqqan ayrim ziyolilar xalqimizning qitiq patiga tegib, mamlakatimizdagi do‘stona muhitga raxna solishayotgani haqida mulohaza yuritdi.

«Bir guruh o‘zbek ziyolilarining rus tiliga rasmiy maqom berish haqidagi kutilmagan taklifi chinakam ziyolilarimizning g‘ururiga tegdi, jahlini chiqardi, dovdiratdi. Men esa, avvalo, chuqur qayg‘uga cho‘mdim. Dardim ming chandon bo‘ldi. Sababi, shu paytgacha bu mantiqsiz va noo‘rin taklif ostiga imzo chekkan ziyolilar yozgan, chizgan, kuylagan asarlarda o‘zbekning ko‘ngli, ruhiyati aks etgan, degan xayolda yurardim. Daf'atan ana shu toza ishonchim darz ketdi. Ko‘nglim og‘ridi.

Prezidentimiz 2017 yil 23 dekabr kuni O‘zbek tili va adabiyoti universitetiga tashrif buyurgan chog‘ida biz, ziyolilarga qarata: «Ona tilimizning boyligini, unga hurmatingiz va muhabbatingizni tilimizni dunyoga tarannum etish bilan ko‘rsatishingiz kerak», degan edi. Nazarimda, bu – barchamizga, jumladan, g‘ayritabiiy taklifni ilgari surgan ziyolilarga ham tegishli so‘zlar edi. Xo‘sh, ona tilimizni qachon dunyoga tarannum eta olamiz? Qachonki, ziyolilarimizning o‘zida ona tilimizdan faxrlanish, rasmiy va norasmiy doiralarda boshiga ko‘tarish tuyg‘usi shakllansagina bunga erishish mumkin.

Davlatimiz rahbari yana muhtaram elchilarimiz ishtirokidagi yig‘ilishda ham «O‘zbekistonning chet eldagi elchisi bo‘lsa-yu, o‘zbek tilini bilmasa, bu xalqimizga xiyonat emasmi?!» degan haqli mulohazani o‘rtaga tashlagan edi. Bu faqat rasmiy elchilarimizga emas, hammamizga, shu yurtda yashayotgan har bir fuqaroga daxldor talabdir. Boisi, har birimiz Vatan ostonasini hatlab tashqariga chiqarkanmiz, beixtiyor elimizning ko‘ngilli elchisiga aylanamiz: bizning so‘zimizga qarab o‘zimizga baho berishadi.

Bugun so‘z erkinligi ta'minlangan, xalq fikriga quloq tutilayotgan jamiyatda yashayapmiz. Ammo, bu – har qanday tuturiqsiz taklifni ilgari surib jamiyatimizni larzaga keltirish, sarosimaga solish mumkin, degani emas. Ayniqsa, e'tiqod, til kabi nozik, hassos mavzularda yetmish marta o‘ylab so‘ng gapirgan, ko‘p hollarda esa umuman so‘z aytmagan, tilni tiygan ma'qul. Xalqimizning donishmandlarga xos tabiati, sog‘lom mantiq shuni talab qiladi.

Shu o‘rinda dunyoga dong‘i ketgan dog‘istonlik adib Rasul Hamzatovning ushbu bitiklarini keltirish o‘rinli deb o‘ylayman: «Shaharda yashayotgan ayrim o‘rtoqlarim boshqa tilda gaplashayotganiga, yozayotganiga nima deysiz? Albatta, bu ularning o‘z ishi, lekin men ularga tushuntirgim keladi. Nazarimda, ular bitta qo‘ltig‘ida ikkita tarvuzni ushlamoqchi bo‘lgan odamlarga o‘xshaydi. Men bu bechoralar holiga qarab sezdimki, ular avar tilida ham yozishmaydi, lekin bu rus tili ham emas... Ha, ular o‘z ona tilining qashshoq va qamrovi torligidan nolib, o‘zlariga boy va qamrovi keng til izlab yo‘lga chiqishgan. Xuddi avar ertagidagi echkiga o‘xshaydi. Ertakda echki bo‘riga o‘xshab dum o‘stirish uchun o‘rmonga ketadi va o‘rmonda ikkala shoxi sinib, to‘qol bo‘lib qaytadi...»