SSV: Endi investorlar o‘zlari istagan davlat tibbiyot muassasasiga investitsiya kiritishi mumkin
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan jadal islohotlar samarasi o‘laroq xususiy tibbiyot sohasi rivojiga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu haqda Milliy matbuot markazida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan «Xususiy tibbiyot tizimini rivojlantirish, har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rag‘batlantirish masalalari» mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida alohida qayd etildi.
Ta'kidlab o‘tilganidek, bu borada 2019—2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlar ijrosi muhim o‘rin tutmoqda. Jumladan, xususiy sog‘liqni saqlash tizimi, davlat-xususiy sherikligini va tibbiy turizmni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yaxshilash borasida izchil sa'y-harakatlar olib boriladi. E'tiborli tomoni, raqobatni shakllantirish, ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlarni rivojlantirish, xususiy shifoxonalarni ko‘paytirishga jiddiy ahamiyat berilyapti.
«Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 1 apreldagi «Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori soha rivojida muhim qadam bo‘ldi. Unga muvofiq, xususiy tibbiyot muassasalari shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan tibbiy ixtisosliklar 50tadan 126taga ko‘paydi. Xususiy klinikalarga qator moliyaviy imtiyozlar berildi. Bundan tashqari, litsenziya olish uchun berilgan arizani ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqartirildi, litsenziya olish uchun to‘lanadigan davlat boji eng kam ish haqining 10 baravaridan 5 baravarigacha kamaytirildi. Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligida Davlat-xususiy sheriklikni va tibbiy turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasi tashkil etilishi ham soha rivojida muhim ahamiyat kasb etdi. Natijada, xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirish bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilib, ko‘rilgan choralar tufayli 2018 yilda xususiy tibbiyot tashkilotlari soni 889taga ko‘payib, umumiy soni 4670dan oshdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 16 apreldagi «Sog‘liqni saqlash sohasida davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori tibbiyot sohasida yangi davrni boshlab berdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu hujjat davlat hamda xususiy sektorlarning birlagikda ishlashi, investorlarning O‘zbekiston hududida, davlat sektorida faol faoliyat yuritishi uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.
Anjumanda endilikda investorlar o‘zlariga qulay bo‘lgan muhitda, o‘zlari istagan davlat tibbiyot muassasalariga investitsiya kirish imkoniyatiga egaligi ta'kidlangan. Xususiy sherikni tanlab olish tender asosida yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. Bitimning amal qilish muddati davlat va xususiy sherik tomonidan belgilanib, bunda u uch yildan kam bo‘lmasligi va 49 yildan oshmasligi lozim bo‘ladi.
Bundan tashqari, xorijdan tibbiy asbob-uskunani har qanday yuridik shaxs olib kelgan taqdirda ularga nisbatan bojxona imtiyozlari qo‘llanadigan bo‘ldi. Mazkur qarori bilan xorijiy tibbiyot uskunalarini olib kirayotgan tadbirkor va investorlar uchun umumiy qiymati 200 million AQSh dollari teng bo‘lgan imtiyozli kreditlar liniyasi ochiladi. Ushbu qaror bilan belgilangan mexanizmlarda davlat tibbiyot muassasalarida xususiy tibbiyot muassasalari uchun teng imkoniyatlar berilib, investorlarning davlat tibbiyot muassasalariga kirib, hamkorlikda faoliyat tashkil qilish imkoniyat yaratib beradi.
Anjumanda tibbiyotning xalqqa yanada yaqinlashuvi, mahalliy tibbiyot muassasalarining infrastrukturasini yaxshilash, tibbiy jihozlar va texnologiyalarni xalqaro talablarga mos ravishda yuksaltirish, kadrlar malakasini oshirish, bir vaqtning o‘zida bemorlarda davlat hamda xususiy tibbiyot muassasalarini tanlash imkoniyatining yaratilishi kabi ko‘plab ijobiy o‘zgarishlar e'tirof etildi.
Mavzuga oid
08:10 / 12.11.2024
O‘zbekistonga Saudiya kompaniyalarining qariyb 2,5 mlrd dollarlik investitsiyalari jalb etiladi
20:55 / 02.11.2024
O‘zbekistonda elektr energiyasi va metan gazi olish uchun 8 ta chiqindi yoqish zavodi, 1 ta chiqindi poligoni quriladi
21:16 / 31.10.2024
Prezident Navoiy viloyatida yirik va strategik loyihalar bilan tanishdi
22:46 / 26.10.2024