Germaniya  Federal Respublikasi prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyer 27 may kuni O‘zbekistonga tashrif buyurdi va mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi.

Kun.uz muxbiri O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasidan olingan ma'lumotlar asosida Germaniya siyosiy va ilmiy doiralarining Frank-Valter Shtaynmayyerning yurtimizga tashrifiga doir fikrlari bilan bo‘lishdi.

Germaniya  federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligining parlament davlat kotibi  Norbert Bartle:

Kuni kecha vazirligimiz delegatsiyasi Toshkentda bo‘lib, moliyaviy va texnik hamkorlik bo‘yicha navbatdagi Hukumatlararo muzokaralarni o‘tkazdi, ularning yakuniga ko‘ra, o‘zaro hamkorlik ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirishga kelishib olindi. Biz O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash uchun taqdim etilayotgan mablag‘lar hajmini o‘n baravarga oshirishni rejalashtiryapmiz. O‘ylaymanki, bu O‘zbekistondagi islohotlarga ko‘mak berish hamda Orolbo‘yi mintaqasidagi vaziyatni yaxshilashda katta ahamiyat kasb etadi.

Shunday ekan, Germaniya federal prezidenti F.-V.Shtaynmayyer o‘z tashrifi davomida O‘zbekiston so‘nggi ikki yilda katta islohotlarni amalga oshirgani va butun mintaqa uchun “barqarorlik mayog‘i” bo‘lib, to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganiga shaxsan ishonch hosil qiladi.

***

Bundestag deputati, “Germaniya-Markaziy Osiyo” parlament guruhi a'zosi Valdemar Xerdt:

GFR prezidentining O‘zbekistonga tashrifi mamlakatning istiqbolli, mintaqaning esa salohiyatli ekanidan dalolat beradi. Markaziy Osiyoda 60 milliondan ziyod kishi yashaydi va O‘zbekiston bu mintaqaning asosiy mamlakatlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekistonga tashrifimiz davomida prezidentingizning shunday qisqa vaqt ichida rejalashtiribgina qolmay, hayotga tatbiq ham qilgan islohotlarini ko‘rib yoqimli hayratda qoldim. Iqtisodiyot, fikrlash va umuman, barchasida jiddiy o‘sish kuzatilmoqda, ya'ni bularning bari xalq qurilish hamda yuksalish haqida o‘ylayotgan vaqtda jadallashmoqda.

Men sobiq sovet respublikalarida ko‘p bo‘laman va boshqalarga bu borada O‘zbekistonga borib o‘rganishni maslahat beraman. O‘rganishning yomon joyi yo‘q, ayniqsa, buning uddasidan chiqayotgan mamlakatdan. O‘ylaymanki, prezidentimizning O‘zbekistonga tashrifi sobiq sovet respublikalariga bo‘lgan yangicha munosabatni namoyish qiladi.