31 may kuni Yevropa Ittifoqi qoshidagi Yevropa Kengashi raisi Donald Tusk O‘zbekistonga keladi. Bu 2014 yildan buyon ko‘hna qit'adagi eng yirik siyosiy tashkilotni boshqarib kelayotgan polshalik siyosatchi uchun O‘zbekistonga ilk tashrif bo‘ladi. Bu tashrifdan qanday maqsad ko‘zlangan? Donald Tusk qanday siyosatchi?

Tojikiston va Qozog‘istonda 1 kundan, O‘zbekistonda 3 kun

Tuskning Markaziy Osiyo bo‘ylab turnesi 29 may kuni boshlandi. U ayni vaqtda Tojikistonda bo‘lib turibdi, u yerdan Qozog‘istonga yo‘l oladi, Markaziy Osiyoga tashrifi doirasidagi asosiy kunlarini esa Toshkentda o‘tkazadi. 31 may kuni O‘zbekistonga keladigan Tusk 2 iyungacha Toshkentda bo‘lishi kutilmoqda.

Yevropa Kengashi raisi Markaziy Osiyoda uchta mamlakat prezidenti bilan uchrashadi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston yetakchisi Imomali Rahmon va Qozog‘iston rahbari Qosim-Jo‘mart To‘qayev Tuskni qabul qilishadi. Turgan gapki, Tusk Qozog‘istonga tashrifi davomida Nursulton Nazarboyev bilan ham uchrashadi. Chunki Nazarboyev hamon mamlakatning amalda asosiy siyosatchisi hisoblanadi.

Yevropa Kengashi raisining Markaziy Osiyoga tashrifi doirasida bir qator mavzularda uchrashuvlar o‘tkaziladi. Ular orasida chegaralarni nazorat qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish va mintaqaviy xavfsizlik kabi mavzular bor. Ayniqsa atrof-muhit himoyasiga ko‘proq vaqt sarflanishini kutish mumkin. Chunki Yevropa Ittifoqi tabiat muhofazasiga jiddiy e'tibor bermoqda. Buni yakuniga yetgan Yevroparlament saylovlarida «yashillar»ning mavqeyi sezilarli darajada yaxshilanganidan bilish mumkin.

Yuqoridagi mavzular protokolga kiritilganlari xolos. Ulardan tashqari uchrashuvlar ham bo‘lishi mumkin. Masalan, Tusk Orol dengiziga borishni xohlab qolishi ham ehtimoldan xoli emas. Chunki nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqa uchun asosiy ekologik muammo aynan Orol dengizi muammosi hisoblanadi. Tusk O‘zbekistonning Orolbo‘yi hududlarda amalga oshirayotgan ishlariga baho berishi ham mumkin. Siyosatchi Qoraqalpog‘istonga bormagan taqdirda ham uchrashuvlarda Orol haqida gapirib o‘tsa kerak.

Darvoqe, Tuskning kelishi avvalidan tabiat muhofazasi borasida qonunchilikda o‘zgartirish qilingani ham qaysidir ma'noda ramziy ko‘rinish oldi. Prezident «O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunni imzoladi