Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Farg‘onada 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan 94 ta yangi Maktabgacha ta'lim muassasasi ochildi
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni butun dunyo bolalari uchun eng beg‘ubor va quvonchli bayram hisoblanadi. Albatta, bola bu dunyo, bola bu hayot mazmunining ajralmas qismidir. Bolalar o‘z tabassumlari orqali insonlar qalbida hayotga, yashashga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otadilar. Ko‘zlarida ezgulik va mehr qalqib turgan bolajon musaffo osmonda erkin parvoz etayotgan qaldirg‘och misoli.
Yozning birinchi kuni dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida kelajagimiz egalari uchun turli konsertlar, ko‘rgazmalar, sayillar, sport musobaqalari o‘tkaziladi. Istirohat bog‘lari esa bolalarning tabassumlari bilan go‘yoki mo‘jizalar dunyosiga aylanadi. Mamlakatimizda ham ushbu bayram har yili dillarda quvonch ila nishonlanadi. Sababi O‘zbekiston – bolajon yurt, xalqimiz esa azaldan bolajon xalq. Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekiston qo‘shilgan ilk xalqaro shartnomalar qatorida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasidan so‘ng aynan Bola huquqlari to‘g‘risida konvensiya turishi ham buning yaqqol isbotidir.





Mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyevning maktabgacha ta'lim sohasiga berayotgan e'tiborlarini ham bu borada olib borilayotgan ishlarning eng to‘g‘ri va samarali yo‘li sifatida aytish mumkin.
2017 yilning 30 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta'lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan edi. Mazkur huquqiy asosga ko‘ra, maktabgacha ta'lim muassasalarining davlat va nodavlat tarmoqlarini yanada kengaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, davlat va xususiy sektor sherikligi shartlarida maktabgacha ta'lim muassasalarining yangi shakllarini joriy etish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta'lim sifati – ertangi kunimizni hal qiladigan masala. Maktabgacha ta'lim sohasini rivojlantirish faqatgina yangi tashkil etilgan vazirlikning vazifasi emas, barchamizning eng muhim vazifamiz bo‘lishi kerak”, degan so‘zlarini dasturga aylantirgan farg‘onaliklar 1 iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida yana bir ishga qo‘l urishdi.
Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 798 ta davlat maktabgacha ta'lim muassasalari, 373 ta (nodavlat, davlat – xususiy sherikchilik, oilaviy) maktabgacha ta'lim muassasasi faoliyat yuritib kelmoqda. Viloyatdagi ushbu ta'lim muassasalarida jami 117202 nafardan ortiq 3-7 yoshli bolalar qamrab olinib sifatli ta'lim-tarbiya olib kelmoqdalar. Farg‘ona viloyati maktabgacha ta'lim boshqarmasi tomonidan, nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish maqsadida har bir tuman, shaharlarda nodavlat, oilaviy hamda davlat xususiy sherikchilik asosidagi ta'lim muassasalari tashkil etish ishlari jadal sur'atlar bilan olib borilmoqda.





Joriy yilda shahar va tumanlarda ko‘plab davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini ishga tushirish belgilangan. Bayram arafasida 94 ta ana shunday maskanlar bolajonlar uchun tuhfa qilindi, bu bilan esa 5 mingdan ziyod bolalarni qamrab olish imkoniyati yaratildi.
Viloyatning Uchko‘prik (9ta), Farg‘ona (7 ta), Qo‘shtepa (3ta), Furqat (3ta), Yozyovon (2 ta), Buvayda (15ta), Quva (5 ta), Rishton (ta), O‘zbekiston (9ta), So‘x (4 ta) tumanlari va Farg‘ona (5 ta), Marg‘ilon (8ta) shaharlarida jami 94 ta muassasalar foydalanishga topshirildi.
Toshloq tumanidagi “Furqat” mahalla fuqarolar yig‘inida “Quyoshli yurt farzandlari” nomli nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasining ochilish marosimi katta shodiyonaga aylandi. Yosh tadbirkor Saxovat Boqijonova “Yoshlar -kelajagimiz” jamg‘armasidan 200 million so‘m kredit olib, mazkur ko‘rkam maskanni bunyod etdi. Bu yerda 75 nafar bolajonlarni ta'lim-tarbiya olishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi, zamonaviy yumshoq mebel hamda o‘yinchoqlar bilan to‘liq ta'minlandi. Endilikda bu maskan tarbiyalanuvchilari ingliz va rus tillarini ham bemalol o‘rganishlari mumkin. Shuningdek, “Tog‘liq” va “Katta ko‘cha” mahalla fuqarolar yig‘inida ham “Mir” va “Buratino” nomli oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasi shu kuni ish boshladi.
Furqat tumanidagi “Jaloyer Yulduzchasi” Farg‘ona tumanidagi “Detskaya planeta”, Qo‘shtepa tumanidagi “Bonu bolajon kelajagi”, “Shodlik”, Buvayda tumanidagi “Oydin bolalik”, “To‘maris ziyosi”, Marg‘ilon shahridagi “Oygul”, viloyatning Qirg‘iziston tumani bilan chegaradosh hisoblangan So‘x tumanidagi Davlat xususiy sherikchilik asosidagi hamda oilaviy maktabgacha ta'lim muassasalarning ochilishi haqiqiy bayramga aylanib ketdi.




O‘tkazilgan tadbirlar va ochilish marosimlarida Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Fayzullo Sa'dullayevich, Farg‘ona viloyati Maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig‘i Yulduz Mansurovna bilan bir qatorda yuqoridagi tuman va shahar hokimlari ishtirok etishdi.
Shundan so‘ng 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunini keng nishonlash maqsadida viloyatning barcha tuman va shaharlarida maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari va xodimlari ishtirokida joylarda bayram tadbirlari uyushtirildi. Maktabgacha ta'lim boshqarmasi va viloyat hokimligi tomonidan tashkil etilgan tadbirlar barchada iliq taassurotlar qoldirdi
Mavzuga oid
11:00
Farg‘onada Soliq Mobile orqali 3,2 mlrd so‘mlik keshbek talon-toroj qilindi
15:10 / 20.05.2026
Qo‘qonda 19 yoshli qiz qotillikka qo‘l urdi
08:45 / 15.05.2026
Farg‘onada yuk mashinasi g‘ildiraklaridan qariyb 20 kg narkotik topildi
08:33 / 15.05.2026