Jahon | 16:30 / 14.06.2019
7362
2 daqiqa o‘qiladi

Pekin G‘arbni Hongkongdagi tartibsizliklarni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlashda aybladi

Foto: REUTERS / Tyrone Siu

Ayrim G‘arb siyosatchilari o‘zlarining mas'uliyatsiz bayonotlari orqali Hongkongdagi tartibsizlik uyushtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlamoqda, ayrim bosh konsulliklar esa ig‘vogarlik bilan shug‘ullanmoqda, dedi XXR tashqi ishlar vazirligi vakili Gen Shuan.

"Sizlar ayrim G‘arb davlatlari Hongkongda muhokama qilinayotgan ekstraditsiya to‘g‘risidagi qonunga tuzatishlar kiritilishiga nisbatan mas'uliyatsiz bayonotlar berayotganiga e'tibor qaratgan bo‘lsangiz kerak. G‘arblik bu siyosatchilar Hongkongda tartibsizliklar uyushtirayotganlarni ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlashmoqda", - dedi Gen Shuan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim davlatlarning bosh konsulliklari xalqaro huquq va xalqaro munosabatlarning asosiy tamoyillarini hurmat qilmayapti, ig‘vogarlik va olovga moy sepish bilan shug‘ullanib, xato bayonotlar bermoqda.

U Hongkong masalasi Xitoyning ichki siyosatiga tegishli bo‘lib, unga aralashishga hech kimning haqqi yo‘qligini ta'kidladi.

12 iyun kuni Hongkongda jinoyatchilikda gumon qilinganlarni Xitoyning materik qismiga ekstraditsiya qilish haqidagi qonun tufayli bir necha kun oldin boshlangan ommaviy namoyishlar yangi bosqichga o‘tdi. Minglab namoyishchilar hukumat binolari joylashgan hududga olib boruvchi yo‘llarni to‘sib qo‘ydi. 

Qonun loyihasi XXR, Tayvan va Makao hukumatlari tomonidan yo‘llangan ekstraditsiya bo‘yicha so‘rovlarni ko‘rib chiqishni ko‘zda tutadi. Hozirda Hongkongda bunday kelishuv mavjud emas. Hukumat bunday choralar faqat jiddiy jinoyatlarda (qotillik va zo‘ravonlik) ayblanganlarga taalluqli bo‘lishini bildirgan. Sud har bir holat bo‘yicha alohida qaror chiqaradi. Qonun tarafdorlari ekstraditsiya siyosiy jinoyatlarda ayblanganlarga qo‘llanmasligiga ishontirishmoqda. Ammo hujjat tanqidchilari buning aksini aytishmoqda, ular XXR sud tizimi qiynoqlarga ruxsat berishini eslatishmoqda.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid