Jahon | 14:40 / 14.06.2019
15945
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya S-400 sababli sanksiya kiritiladigan bo‘lsa AQShga javob qaytarishga tayyorligini bildirdi

Foto: Sergey Malgavko/TASS

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chovusho‘g‘lu Rossiyaning S-400 zenit raketa majmualarini sotib olishi sababli sanksiyalar joriy etiladigan bo‘lsa Anqara Vashingtonga javob qaytarishga tayyorligini bildirdi.  

"Agarda AQSh salbiy choralar qo‘llashni boshlasa, bizda ham javob qadamlari bor. Amerika qator qarorlarni qabul qildi, biz indamay qarab turmoqchi emasmiz. Bizga nisbatan salbiy munosabat qilinsa, biz ham xuddi shunday javob qaytaramiz", - deb ta'kidladi vazir.

Chovusho‘g‘lu Turkiya S-400 sotib olish masalasida qat'iy ekanligini va sotib olishdan voz kechmasligini aytdi.

"S-400 masalasida qat'iy qarorga kelganmiz va ortga qaytmoqchi emasmiz. Biz mana shunday tizimga bo‘lgan ehtiyojimizni qondirishimiz lozim edi va buni Rossiya bilan amalga oshirdik", - deb ta'kidladi u.

AQSh Turkiyaning S-400’larni sotib olishiga qarshi chiqmoqda va Anqaraga sanksiyalar solish bilan tahdid qilmoqda. Turkiya o‘z navbatida majmualar AQShga xavf solmasligini va Anqara ularni sotib olishdan voz kechmasligini aytib keladi.

Shartnomaga ko‘ra, Rossiya Turkiyaga to‘rtta S-400 divizionini yetkazib beradi. Shartnoma qiymati 2,5 mlrd dollarni tashkil qiladi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid