O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning beshinchi sammitida nutq so‘zladi hamda ishtirokchi mamlakatlarning tinchlikni mustahkamlash, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni rag‘batlantirish borasidagi sa'y-harakatlarini birlashtirishga qaratilgan qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Davlatimiz rahbari zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimi tobora ortib borayotgan beqarorlik va kutilmagan hodisalar bilan izohlanayotganini ta'kidladi. Ulkan iqtisodiy va intellektual salohiyatga ega Osiyo qit'asi mamlakatlari jiddiy xatarlarga duch kelmoqda. Bu, avvalo, ekologiya, demografiya, migratsiya, hayot va ta'lim darajasi pastligi muammolaridir. Ular ijtimoiy nizolarning asosiy manbai, ekstremizm va terrorizm mafkurasi tarqalishi uchun sharoit yaratadigan muhitdir. Ayniqsa, yoshlar o‘rtasidagi radikallashuv jarayoni tashvish uyg‘otadi.

- Bugungi kunda jahon ishonch inqiroziga yuz tutmoqda. Aslida, mamlakatlar va xalqlar o‘rtasidagi ishonch xavfsizlik va barqarorlikning eng muhim shartidir, - dedi Shavkat Mirziyoyev. - Nazarimizda, ishonch inqirozini bartaraf etish  va xavfsizlikni mustahkamlash uchun birinchi navbatda inson kapitalini rivojlantirishga qulay sharoitlar yaratish zarur. Shu munosabat bilan o‘zaro hurmat va jamoaviy mas'uliyatga asoslangan kengashimiz faoliyati har qachongidan ham muhim bo‘lib bormoqda.

Davlatimiz rahbari xavfsizlik bo‘linmas, ishonch uning fundamental asosi ekanini qayd etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston tinchlikka erishishga qaratilgan har qanday formatdagi muzokaralarni qo‘llab-quvvatlashini ta'kidladi. Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va ushbu mamlakatda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish butun mintaqa uchun yangi strategik imkoniyatlar ochadi.

Yoshlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratish, ularning radikallashuviga qarshi kurashish va sifatli ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirish ham barqarorlik va farovonlikning muhim shartlaridan.

Prezidentimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining “Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilingani, shuningdek, Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya loyihasi ishlab chiqilmoqda.