Jamiyat | 21:50 / 18.06.2019
41454
8 daqiqa o‘qiladi

Erkinjon Turdimov Samarqanddagi Universitet xiyoboni haqida tarqalgan xavotirli xabarlar yuzasidan oydinlik kiritdi

Bugun, 18 iyun kuni Samarqand viloyat hokimligida viloyat rahbari Erkinjon Turdimovning ommaviy axborot vositalari vakillari va samarqandlik blogerlar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ko‘proq, matbuot anjumani ko‘rinishini olgan mazkur uchrashuvda Samarqand shahrida qurilish va obodonlashtirish sohasida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar haqida so‘z bordi. Viloyat hokimi yig‘ilganlarning va «Feysbuk» tarmog‘ida uchrashuvini jonli efirda kuzatgan foydalanuvchilarning savollariga javob qaytardi.

«Taklifimizga rozilik berib, kelganlaringizdan xursandman. Biz OAV va jamoatchilik bilan yaqin aloqada bo‘lishimiz kerak. Agar shaffoflik va ochiqlik ta'minlansa, ishimizda unum ham bo‘ladi, barcha masalalarga javob va yechim topiladi, turli gap-so‘zlarga o‘rin ham qolmaydi», — dedi Erkinjon Turdimov.

«Bugun ko‘p rahbarlarimiz yangicha dunyoqarash bilan ish olib boryapti, deb ayta olmaymiz. Shuning uchun ko‘pchiligi jurnalistlardan qochadi, kimdir tanqid qilsa o‘sha jurnalistga yopishib olishadi. Endi bunday ish yuritishdan voz kechadigan payt keldi. Biz topshiriq berganmiz: viloyat va tumandagi rahbarlarning eshigi doimo ochiq bo‘lishi kerak».

Shundan so‘ng viloyat hokimi Universitet xiyobonidagi olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari haqida so‘z ochdi.

«Keyingi kunlarda Universitet xiyoboni atrofida turli gap-so‘zlar va muhokamalar ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Ta'kidlab aytmoqchimanki, kim qanday fikr bildirganidan qat'i nazar, jurnalistlar va jamoatchilikka o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. Chunki odamlar shahar hayotiga befarq emasliklarini namoyish etib berishdi.

O‘zi xiyobonni obodonlashtirish g‘oyasi qayerdan paydo bo‘ldi? Yil boshida biz viloyatimizning katta guruhini Anqara shahrida shu masalada tajriba almashish uchun jo‘natgan edik. Ular Anqaraning Kechio‘ren tumanida bo‘lib, ularning bu boradagi yutuq va tajribasini o‘rganib qaytishdi. Keyin Kechio‘rendan mutaxassislar Samarqandga ham kelishdi va ular shaharni obodonlashtirish, jumladan Universitet xiyoboni haqida ham o‘z tavsiyalarini berishdi.

1870 yilda barpo etilgan, 1050 metr uzunlikdagi Universitet xiyoboni Samarqandning eng so‘lim go‘shasi, bizning yuzimiz. Lekin bu yerda odamlar sayr qilmay qo‘yishgan. Chunki o‘tirish uchun o‘rindiqlar ham yo‘q. 15-20 yil muqaddam ekilgan o‘tloqlar hanuz yangilanmasdan turibdi.

Biz uzoq kengashib, ish boshlaganimizdan so‘ng OAV va ijtimoiy tarmoqlarda turli eskizlar va rasmlar e'lon qilina boshlandi. Bizga turk dizaynerlari bitta xomaki loyiha tashlab berishgandi. O‘sha surat bilan maydon atrofi o‘ralgandi. Lekin internetda kelib chiqishi bizga noma'lum bo‘lgan 24tacha eskizning surati tarqalibdi.

Biz Universitet xiyoboni qiyofasini buzmoqchi emasmiz, lekin to‘liq obodonlashtirish rejamiz bor. Xiyobonda uchta yo‘lak bor: o‘rtada kengroq tosh yo‘lak, ikki yonida qum to‘shamali yo‘lak.

Bugungi kunga kelib, xiyobon ostidagi kommunikatsiya tarmoqlarining barchasi chirib bitgan va mutlaqo yaroqsiz. Sug‘orish tizimi qariyb ishlamaydi.

Niyatimiz — o‘rtadagi asosiy yo‘lakka bir umrlik qilib tabiiy granit toshi yotqizish. Ikki yon yo‘lakda yugurish yo‘lagi va veloyo‘lak qilinadi. Xavfsiz bo‘lishi uchun bu yo‘laklar rezina materialdan tayyorlanadi.

Biz dastlabki qism sifatida 180 metr joyni obodonlashtiramiz. Xiyobonda birorta daraxt kesilmaydi. Boshqa manzarali daraxtlar va gullar ekiladi. Universitet xiyobonidagi har bir daraxt raqamlanadi va pasport beriladi. Sug‘orish va elektr ta'minoti kommunikatsiyalari to‘liq almashtiriladi. Yo‘laklar klassik uslubdagi torsherlar bilan yoritiladi. Ayni paytda xiyobonda joylashgan ikkita favvora ham rekonstruksiya qilinadi. Hozirgi kunda foydalanilmay yotgan yer osti nasos stansiyasi o‘rnida hojatxona barpo etiladi. Umuman, hojatxona borasida uch xil takliflar berilmoqda.

Markaziy yo‘lak bo‘ylab, quyma cho‘yandan o‘rindiqlar, Wi-Fi zonalar tashkil etiladi. Xiyobon tarixidan hikoya qiluvchi panno, soat ustunchasi va shahar rejasi tasvirlangan oynavand bildirishnoma o‘rnatiladi.

Kelajakda, mazkur xiyobonni davom ettirib, uni SamDAQI oldida joylashgan xiyobonga ulash rejasi ham bor», — dedi Turdimov.

Viloyat hokimi shaharning boshqa hududlarida tashkil etiladigan, obodonlashtiriladigan istirohat bog‘lari va xiyobonlari haqida ham ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilda So‘g‘diyona maskanidagi Samarqand avtomobil zavodi yaqinidagi va Ogahiy mahallasidagi xiyobonlar ham zamonaviy ko‘rinishda obodonlashtiriladi. Kimyogarlar shaharchasida eski madaniyat uyi rekonstruksiya qilinib, yangi istirohat bog‘i tashkil etiladi. 2018 yildan ko‘p qavatli uylar qurilishi boshlangan shaharning yangi — Qorasuv massivida ham bugungi kun talablariga mos madaniyat va istirohat bog‘i, stadion barpo etiladi. Bundan tashqari, ayni paytda shahardagi Alisher Navoiy nomli markaziy madaniyat va istirohat bog‘ini rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha tayyorlanmoqda.

«Samarqandda kechqurun oilaviy sayr qiladigan go‘shalar juda kam. Bu hol turizm shahri maqomiga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Biz yarim tungacha bemalol ishlaydigan mana shunday xushhavo go‘shalarni ko‘paytirishimiz kerak», — dedi Turdimov.

Viloyat hokimi shaharning boshqa qismlaridagi qurilish va obodonlashtirish ishlari haqida gapirar ekan, Samarqandning sayyohlik shahri salohiyatiga alohida to‘xtaldi. Chunonchi, bu yil shaharga uzoq xorij davlatlaridan keladigan sayyohlar soni 510 ming nafarni tashkil etishiga urg‘u berdi.

«Samarqandni sayyohlik markaziga aylantirmoqchi bo‘lsak, uning tarixiy jozibasini saqlashimiz kerak. Ayni paytda Samarqand shahrida 1123 gektar tarixiy, 1369 gektar bufer zona mavjud. Ushbu hududlarda 9,5 mingta turar joy, 1,2 mingta noturar joy obektlari bor. Bu yerda ko‘p qavatli binolar qurish, transport vositalari qatnovini va tezligini cheklash ustida ishlashimiz lozim. Shahar tarixiy qismi hisoblanuvchi markazdagi ma'muriy binolar, ko‘p qavatli uylarni boshqa joylarga ko‘chiramiz. Samarqandning tarixiy qismini asl holicha saqlagan holda, turar joylar va boshqa obektlarni shahar tashqarisida qurish orqali uni yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Tarixiy markazda faqat mehmonxonalar va turizm uchun xizmat qiladigan obektlar bo‘ladi», — dedi u.

Samarqand shahrida yangidan barpo etiladigan turarjoylar haqida gapirar ekan, hokim shunday dedi:

«Ikki yildan buyon Samarqand tumanidagi Qorasuv massividan joy ajratilib, bu yerda shahar aholisi uchun ko‘p qavatli uylar qurishga kirishdik. Yaqin yillarda bu yer 100 ming aholi yashaydigan shaharcha bo‘ladi. O‘tgan yil 7 va 9 qavatli uylar qurilgan bo‘lsa, bu yil 12, 14, 16 qavatli zamonaviy uylar barpo etilmoqda. Tegishli tashkilotlar loyihalarimizni tasdiqlashsa, kelgusi yil Qorasuvda 30 qavatli uylar qurilishi boshlanadi. Kimyogarlar shaharchasi va So‘g‘diyona maskanini bog‘laydigan Narpay ko‘chasida ham qurilish ishlari mo‘ljallangan».

Uchrashuv davomida Erkinjon Turdimov shaharda 2022 yilda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti obektlari, shahardagi kanallar va ariqlar atrofini obodonlashtirish, aholiga transport xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish kabi masalalar bo‘yicha ham jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid