Sport | 15:20 / 23.06.2019
22201
7 daqiqa o‘qiladi

Transfer narxi keskin arzonlagan 15 futbolchi

Qaysi futbol yulduzlarining transfer narxi pastga quladi? Transfermarkt ma'lumotlari bilan tanishamiz.

7-15. Jyerom Boateng, -25 mln

Transfermarkt portalining baholashicha, «Bavariya» markaziy himoyachisining narxi bir yilda 45 mln yevrodan 20 mln yevrogacha tushgan. Myunxenliklar klubi Boatengni taxminan shu summaga sotmoqchi. Uning o‘yini so‘nggi mavsumda ishqibozlar va rahbariyatni qoniqtirmadi.

7-15. Mesut O‘zil, -25 mln

Foto: Dmitriy Golubovich, «Chempionat»

O‘zil  –  Germaniya termasining oldingi darajasini ushlab turolmay qolgan yana bir sobiq futbolchisi. Uning transfer narxi 50 mln yevrodan 25 mln yevroga tushib qoldi. Shubhasiz, «Arsenal» rahbariyati bu futbolchini sotib yuborishi Unai Emerini xursand qiladi, chunki shu orqali murabbiy yangi futbolchilar xaridi uchun ko‘proq pulga ega bo‘ladi.

7-15. Tomas Myuller, -25 mln

Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionati davrida va undan so‘ng nemis futbolchilariga nimadir bo‘ldi. So‘nggi mavsum Myuller uchun ham samarasiz o‘tdi. «Bavariya» hujumchisi Bundesligada atigi 6ta gol urdi, uning narxi esa 60 mln yevrodan 35 mln yevrogacha pastladi.

7-15. Mats Hummels, -25 mln

«Bavariya» allaqachon Dortmundning «Borussiya»siga sotib yuborgan Hummels ham nemis futbolchilaridagi ko‘ngilsiz holatni davom ettirdi. Vaholanki, Transfermarkt tahlilchilari uning bahosini 60 mln yevrodan 30 mln yevroga tushib ketganini ta'kidlashgan. Lekin futbolchidan shu qadar ko‘ngli to‘lmagan Germaniya chempioni Matsni yanada arzonroq narxda sotib yubordi.

7-15. Gonsalo Iguain, -25 mln

Foto: Dmitriy Golubovich, «Chempionat»

Na «Milan»dagi yarim yil, na «Chelsi»dagi mavsum Iguainga omad keltirdi. Hujumchi A Seriyada 6ta, Premer-Ligada 5ta gol urdi. Umuman olganda, undan ko‘prog‘ini kutishgandi. Shu sababli Iguainning bahosi avvalgi 60 mln yevrodan pastlab, 35 mln yevroga tenglashib qoldi.

7-15. Toma Lemar, -25 mln

Bir yil avval «Atletiko» Lemar uchun «Monako»ga 70 mln yevro to‘lagandi. Fransuz o‘yinchisining muvaffaqiyatsizligi sababini uning o‘zi shunday ifodalagan: «Mening o‘ynash uslubim «Atletiko»nikidan farq qiladi, Simeone esa men uchun butun boshli hujum chizig‘i borasidagi fikrlarini o‘zgartirmaydi».

Toma mavsumda 2 gol urdi va bir yil oldin 65 mln yevroga baholangan futbolchining bugungi kundagi narxi 40 mln.

7-15. Sergey Milinkovich-Savich, -25 mln

Serb yarimhimoyachisiga o‘tgan yili «Latsio» yuqori baho berib yuborgandi va u uchun taklif qilingan 90 mln yevroni qabul qilishmagandi. Xolis tahlilchilarning fikriga ko‘ra, hozirgi kunda Sergeyning transfer qiymati 65 mln yevroni tashkil etmoqda. Milinkovich-Savichning mavsumdagi statistikasi ham hamin qadar: 5 gol, 3ta golli uzatma.

7-15. Robert Levandovski, -25 mln

Foto: Adam Pretty/Getty Images

«Bavariya» hujumchisi 33 o‘yinda 22ta gol bilan Bundesligada to‘purarga aylanib ajoyib natija qayd etdi. Ammo 30 yoshga to‘lgani munosabati bilan Levandovskining transfer bahosi 90 mln yevrodan 65 mln yevroga tushib qoldi.

7-15. Paulo Dibala, -25 mln

Dibala 25 yoshga to‘lgan bo‘lsa ham, uning o‘ziga xos talanti haqida gapirishadi. «Yuventus» safida Krishtianu Ronaldu paydo bo‘lishi esa argentinalik hujumchining asosiy tarkibga kirish imkoniyatlarini yo‘qqa chiqardi. Dibalaning A seriyada 5ta gol urgani, ekspertlar fikriga ko‘ra, 110 mln yevro o‘rniga 85 mln yevrolik narx kelib chiqishiga sabab bo‘ldi.

4-6. Serxio Buskets, -30 mln

Bir paytlar Buskets «Barselona» o‘yinidagi asosiy figuralardan biri edi. Lekin yakunlangan mavsum markaziy himoya chizig‘i vakili uchun omadsiz o‘tdi va bu, albatta, uning narxiga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatdi. Avval 80 mln yevro Serxio uchun yaxshi baho bo‘lgan bo‘lsa, hozirda faqat 50 mln yevro berishadi.

4-6. Garet Beyl, -30 mln

6 yil avval «Real» Beylni 101 mln yevro evaziga «Tottenhem»dan sotib olgandi. Muvaffaqiyatsiz o‘tgan 2018/19 yilgi mavsumdan so‘ng, hozirda uelslik futbolchi uchun 60 mln yevro taklif qilishadi, xolos. Bu o‘tgan yilgiga nisbatan yarim baravar kam. Agar hujumchi Madrid klubi bilan shartnoma imzolamasdan golf o‘ynashda davom etishga tayyor bo‘lsa, narx tez orada kulgili holatga keladi.

4-6. Lionel Messi, -30 mln

Foto: Michael Regan/Getty Images

Agarda istalgan boshqa futbolchi bir mavsumda 51ta gol va 22 golli uzatmani amalga oshirgan bo‘lganda, uning narxi kosmik darajagacha chiqqan bo‘lardi. Shundoq ham Messini 180 mln yevroga baholashgan. Argentinalik futbolchining transfer bahosi hozirda 150 mln yevroga tushib qolishiga sabab esa uning yoshi. U endi 31 yoshda.

1-3. Marselo, -35 mln

O‘tgan mavsum Marselo uchun xuddi Beyl bilan bo‘lgani kabi omadsiz o‘tdi. Chempionlar Ligasidagi ketma-ket 3 g‘alabadan so‘ng braziliyalik himoyachi o‘yinida pasayish boshlangandi. Avvalroq «Real» bu himoyachisi uchun 60 mln yevro narx belgilangan bo‘lsa, ushbu yozda 25 mln yevroni tashkil etmoqda.

1-3. Diyego Kosta, -35 mln

«Chelsi» safidan qaytarib olingan Kostadan «Atletiko»da mutlaqo boshqa natija kutishgandi. O‘tgan mavsumda esa u atigi 2 gol urdi. Jarohat va diskvalifikatsiyalar ham o‘z ta'sirini ko‘rsatgani 60 mln yevro o‘rnida 25 mln yevro paydo bo‘lganini mantiqan izohlaydi.

1-3. Aleksis Sanches, -35 mln

Agar unutgan bo‘lsangiz, chililik futbolchi hozirda «Manchester Yunayted» a'zosi hisoblanadi. Yakunlangan mavsumda u APL va kubok bahslarida bittadan gol urdi, xolos. Ishqibozlar uning o‘yinidan emas, ahmoqona darajadagi yuqori maoshidan hayratda. Sanchesning taxminiy narxi 2 barobar, ya'ni avvalgi 70 mln yevrodan 35 mln yevroga pastlagan.

Mavzuga oid