O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi
25-26 iyun kunlari Bryussel shahrida O‘zbekiston va Yevropa ittifoqi o‘rtasidagi kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KShHB) bo‘yicha muzokaralarning ikkinchi raundi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, tadbir chog‘ida O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatdan yangi darajaga ko‘tarishga yo‘naltirilgan ushbu muhim hujjatning ko‘pgina moddalari va bo‘limlari yuzasidan ilgari siljishga erishildi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan faol islohotlar ham muzokaralarda oldinga odimlashga o‘z hissasini qo‘shdi.
“KShHB doirasida tomonlar muhokama qiladigan qoidalar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan 2017-2021 yillarda mamlakatni rivojlantirish Strategiyasida belgilab berilgan maqsad va vazifalarga mos keladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, YeI O‘zbekistondagi islohotlarni, jumladan diversifikatsiyalashgan va raqobatbardosh iqtisodiyotni rivojlantirish, mamlakatning global dunyo xo‘jalik aloqalariga integratsiyalashuvi, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini takomillashtirish borasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini e'tirof etdi.
KShHBning savdo munosabatlari qismi bo‘yicha ishchi guruh muzokaralarni 28 iyungacha davom ettiradi. Joriy yilda muzokaralarning yana ikkita raundini – bir martadan Toshkent va Bryussel shaharlarida o‘tkazish rejalashtirilmoqda. Tomonlar yaqin istiqbolda KShHBning matnini kelishish borasida ancha ilgarilashga erishish uchun zarur choralarni ko‘rish istagini bildirdi.
Mavzuga oid
14:41
YeI davlatlari AQSh yordami qisqarsa ham Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga tayyor
07:50 / 19.11.2024
YeI Gurjiston hukumatiga ajratilgan 121 mln yevroni qaytarib oldi
11:37 / 15.11.2024
YeI birinchi marta qurolni birgalikda sotib olishni moliyalashtiradi
08:08 / 14.11.2024