Jamiyat | 19:10 / 30.06.2019
20387
10 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda mehmonxonalar xizmati talab darajasida(mi)?

O‘zbekistonning xalqaro «yumshoq»  imidjini belgilashda qator omillar inobatga olinishi lozim. Milliy urf-odat va madaniyat, turizm obektlari va hududlari, transport tizimi, xususan, aeroport va albatta, talab darajasidagi vaqtinchalik turar joylar mamlakat qiyofasini zohiran yaratsa, ular orasida mehmonxona industriyasi alohida e'tibor beradigan yo‘nalish hisoblanadi. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi 2019 yilning iyun holatiga ko‘ra, jami 1001ta joylashish vositalari (mehmonxona xizmatlari (joylashtirish bo‘yicha xizmatlar) ko‘rsatiladigan obektlar, jumladan, mehmonxonalar, turistik bazalar va majmualari, dam olish uylari va zonalari, pansionat, kemping, motel, xostellar va boshqalar) mavjudligini ma'lum qilgan. Ulardan 800ga yaqini mehmonxonalar hisoblanadi.

Xo‘sh, respublikada mehmonxona tizimi qanday ishlaydi? Mijozlarning talabi to‘liq qondirilyaptimi? Mavzuda dolzarb masalalar: narx, xizmat ko‘rsatish sifati, standartlashtirish, kadrlar tayyorlash kabilar muhokama etiladi.

«Sifatning pastligi faqat xizmat ko‘rsatuvchining aybi emas» 

Mehmonxona boshqaruvchisi Farruh Jo‘rayev:

«Mehmon kutib olishda eng oddiy, ko‘z ilg‘amas jihatga ham katta e'tibor berish kerak. Mijoz aynan shu tarafiga diqqatini qaratadi. Agar u salbiy fikr bilan ketadigan bo‘lsa, bu mehmonxona obro‘siga putur yetkazadi. Toshkent shahrida mehmonxonalarda xizmat sifati nisbatan yaxshiroq, ammo viloyatlarda (turistlar oqimi past bo‘lgan hududlar) ahvol aksincha. Ayrim mehmonxonalar sifati past mahsulotlardan foydalanishadi. Natijada, mehmonning «hafsalasi pir bo‘ladi». Aybni to‘lig‘icha xizmat ko‘rsatuvchining o‘ziga yuklash noto‘g‘ri bo‘ladi. Ularda yetarlicha malaka yo‘q. Mehmonxona boshqaruvini chuqur tushunadigan mutaxassislar juda kam. Borlari ham yoki xorijga chiqib ketgan, yoki poytaxtda faoliyat olib boradi» .

Mehmonxona xizmatidan norozi bo‘lganda kimga murojaat qilish kerak?

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi qoshidagi turizm xizmatlarini sertifikatlashtirish markazi rahbari Nuriddin Islomov:

«Respublikada umumiy hisobda 1001ta joylashish vositalari mavjud. 800 taga yaqini mehmonxona bo‘lib, ulardan 42 tasi davlat, qolganlari xususiy hisoblanadi. Markazimiz ulardagi xizmat sifatini nazorat qiladi. Bu jarayon 2 xil standart asosida amalga oshiriladi. Birinchisi, Oʻz DSt 3220:2017 standarti. Unda joylashish vositalariga minimal talab (jumladan, shovqin darajasi, xona yorug‘ligi, kengligi, xavfsizlik qoidalari, jihozlanishi va boshqalar)lar qo‘yiladi. Oʻz DSt 3296:2018 standartida esa mehmonxona va shunga o‘xshash joylashtirish vositalarining klassifikatsiya tizimi, qanday talablarga asosan yulduzlar berilishi batafsil ko‘rsatilgan. Bu sertifikatlar har 3 yilda beriladi. Mijozlarga yuqoridagi talablar bo‘yicha xizmat ko‘rsatilmasa, mehmonxona egasiga vaziyatni o‘zgartirishi uchun bir oy muhlat beriladi. Shu muddat ichida talab qondirilmasa, sertifikat bekor qilinadi» .

Islomovning ta'kidlashicha, mehmonxona xizmati narxini har bir boshqaruvchi o‘zi mustaqil ravishda belgilaydi, hech qaysi organ narx siyosatiga aralashmaydi. Agar mijoz xizmat sifati belgilangan narx bilan to‘g‘ri kelmayotganligidan shikoyat qilsa, sertifikatlashtirish markazi tegishli chora ko‘rishga haqli. Shu va boshqa xizmat turlaridan qoniqmaslik holati bo‘lsa, fuqarolar Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Call-center: 1163, 71-200-00-88 raqamlariga murojaat qilishlari mumkin.

Mehmonxona boshqaruvchilarining muammolarini hal qiladigan tashkilot bormi?

Ayni vaqtda Mehmonxona va restoranlar egalari uyushmasi o‘z faoliyatini olib boryapti. Shu bilan bir qatorda, joriy yilning 2 aprelida tashkil qilingan mehmonxonalar uyushmasi yig‘ilib qolgan masalalarni muhokama qilish, bu sohada o‘zaro hamkorlikni oshirish, mehmonxonalarning yagona tizimini yaratishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Uyushma raisi Farangiz Abdullayeva bu haqida batafsil ma'lumot berdi:

«Mehmonxonalar uyushmasi nodavlat tashkilot sifatida tuzilganiga uch oy bo‘lyapti. Tuzilmaning maqsadi —  xorijiy tajribani o‘rganish, chet ellik hamkasblarimizdan foydali bilimlarni olish maqsadida turli muzokaralarni o‘tkazmoqdamiz.

Turkiyaning TICA, Angliyaning Pearson, Shvetsiyaning EHL kompaniyalari bilan kadrlar tayyorlash va qator yo‘nalishlarda hamkorlik yuzasidan ish olib boryapmiz. A'zolik masalasiga kelsak, bu jarayon ustida aniq to‘xtamga kelingani yo‘q. Avvalo, biz mehmonxonalarning vaziyatini to‘liq o‘rganishimiz, xalqaro tajribadan foydalanishimiz, a'zolik evaziga nima bera olishimizni hal qilishimiz zarur» .

Mehmonxonalarda qanday muammolar yig‘ilib qolgan?

Farangiz Abdullayevaning ma'lumot berishicha, 26 iyunda mehmonxona boshqaruvchilari ishtirokida tadbir tashkil qilindi. Unda asosan Toshkent va Samarqanddan tashrif buyurgan 30 dan ortiq soha vakillari qatnashdi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiynayotgan quyidagi masalalarni o‘rtaga tashlashdi:

Kadrlar qo‘nimsizligi. Poytaxt mehmonxonalaridan farqli o‘laroq, viloyatlarda bu, mavsumiy ish bo‘lgani uchun xodimlar tez-tez almashib turadi. O‘z navbatida, boshqaruvchi ham ularga katta e'tibor bermaydi, malakasini oshirishga esa umuman diqqatini qaratmaydi. Shunday qilish kerakki, mavsumiy bo‘lmagan paytdayam xodimlarni qo‘shimcha ish bilan ta'minlay olish lozim. Bu borada xorijiy tajribani o‘rganish maqsadga muvofiqdir;

Mehmonxona standarti. Anjumanda ishtirokchilar mehmonxona uchun toifa olish majburiy emasligidan kelib chiqqan holda yulduzlarsiz ham faoliyat olib borish tarafdori ekanliklarini bayon etishdi. Lekin bu biryoqlama yondashuv. Agar yulduzlar bekor bo‘lsa, rivojlanib borayotgan turizm bozorida mehmonxona o‘z o‘rnini yo‘qotishi va bu borada raqobatchilaridan ortda qolib ketishi mumkin. Bu yerda bizning vazifamiz ikki tomon uchun ham manfaatli yechimni topish;

Soliq imtiyozlarini berish. Mavsumiy ishlaydigan mehmonxonalarga soliq imtiyozlarini berish masalasi. Toshkentda qishin-yozin mehmonlar qabul qilinadi. Viloyat mehmonxonalari esa faqat mavsum payti (ziyorat payti, ya'ni bahor-yoz oylarida) faoliyat yuritadi. Shundan kelib chiqib, ularni ayrim soliqlardan ozod qilish;

Hukumat bilan muloqot o‘rnatish. Mehmonxona industriyasini birlashtiruvchi to‘laqonli uyushmaning yo‘qligi har kim o‘z muammosini o‘zicha hal qilishiga, yakkalanib qolishiga olib keldi. Agar birlashsak, aniq muammolarni ko‘ndalang qo‘ysak, ularning yechimi yuzasidan hukumat ham yordam beradi.

Bir jihat e'tiborga olinishi lozim: yuqoridagi muammolar bir nechta hududga tegishli, xolos. Boshqa viloyatlarda vaziyat boshqacha bo‘lishi mumkin. Shuning uchun assotsiatsiya qolgan hududlarni ham borib o‘rganadi.

Mehmonxona ochishda qanaqa imtiyozlar bor?

Xorijdan kadr jalb qilish. 2022 yil 1 yanvargacha mehmonxonalar boshqaruvchi xodim sifatida jalb etilgan chet el mutaxassisining ish haqidan yagona ijtimoiy to‘lovdan ozod qilinadi. 2022 yil 1 yanvargacha boshqaruvchi xodim sifatida taklif qilingan mutaxassislarning daromadi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Soliq va bojxona to‘lovlaridan ozod qilish. 2022 yil 1 yanvargacha turistik infrastrukturalarni jihozlash uchun xorijdan keltiriladigan asbob-uskunalar, kerakli jihozlarni respublika hududiga olib qirishda bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.

Subsidiya ajratish. Joriy yilning 3-iyunida «Investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan mablag‘ ajratish tartibi haqida» gi nizom tasdiqlandi. Unga ko‘ra, investorlarning mehmonxonalari 3 yulduzli toifaga kirsa va xonalari 50 tadan kam bo‘lmasa yoki 4 yulduzli va 100 ta xonadan kam bo‘lmasa davlat budjetidan subsidiya beriladi.

Subsidiya bir marta 3 yulduzli mehmonxona har bir xonasi uchun 40 mln.so‘mdan, 4 yulduzli uchun esa har bir xonasiga 65 mln.so‘m beriladi. Franchayzing asosida nufuzli brenddan foydalanish uchun tuzilgan shartnoma kuchga kirgan vaqtdan 3 yil davomida har yili bir marta davlat budjetidan moliyalashtiriladi. Tashkilotlarni moliyalashtirish quyidagicha bo‘ladi:

3 yulduzli dastlabki 50 ta mehmonxonaning bitta xonasi uchun 200 AQSh dollari, 4 yulduzli dastlabki 300 ta mehmonxonaning bitta xonasi uchun 400 AQSh dollari. Tadbirkorlar subsidiya ajratish va moliyalashtirish uchun Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga murojaat qilishlari mumkin.

Mehmonxona assotsiatsiyasi ochilgani sohada yangi qadam bo‘ldi, deb aytish mumkin. Tashkilot o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarini amalga oshirolsa, necha yillik muammolar hal qilingan bo‘lardi. Mehmonxonalardagi xizmat sifatining pastligi, qimmat narxga bir-biriga bog‘liq omillar sababchi hisoblanadi. Bu yerda asosiy masala davlat va xususiy sektor birlashuvi hisoblanadi. Ular haligacha «ikki qutb»  bo‘lib faoliyat olib borishadi. Yagona zanjir mavjud emas. 

Muhabbat Ma'mirova

Mavzuga oid