Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasiga tushuntirish xatida aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 15 fevraldagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida” PQ-4193-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida “Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi tayyorlandi.

Bildirilishicha, qaror qabul qilinishi bilan O‘zbekiston Respublikasida shaxslarni odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish bo‘yicha yagona tartib belgilanadi va aholini OIVga tekshirishlar bilan qamrab olish ko‘rsatkichi oshib, uning sifati yaxshilanadi.

OIV infeksiyasi epidemiyasining rivojlanishida aholining migratsiya jarayonlari muhim o‘rin egallaydi. Uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lgan fuqarolar ko‘p hollarda noodatiy sharoitga tushadilar hamda xulq-atvorga ta'sir etuvchi bir qator omillar natijasida ularga OIV infeksiyasi yuqishi xavfi ortadi. Uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni OIVga tekshiruv uchun qamrab olishdan maqsad OIV infeksiyasining yuqtirilgandan keyin yashirish davri (tegishli laboratoriya tekshiruvlarida xam aniqlanmasdan qolish davri) uch oy bo‘lganligi uchun ushbu muddatda ichida xorijda bo‘lgan shaxslarni majburiy tekshiruv bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

Mehnat migrantlari kasallikni yuqtirib olgandan so‘ng, o‘z yurtiga qaytganida uni oila-a'zolariga yuqtirishi ehtimoli mavjud. O‘z yurtiga deportatsiya qilingan OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslar o‘zining OIV bo‘yicha maqomini sir tutadi, bu bilan o‘z turmush o‘rtoqlarini xavf ostiga qo‘yadi. Natijada OIV infeksiyali farzandlarning tug‘ilishi va kasallik aholining umumiy qatlamiga o‘tishiga sabab bo‘ladi.

Uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lgan shaxslar xavfli xulq-atvorni o‘zida sinab ko‘rishga ko‘proq moyil bo‘lgan aholi qatlamiga mansub bo‘lib, ularning jinsiy yo‘l bilan OIV infeksiyasini o‘ziga yuqtirib olish ehtimoli muqim(turg‘un) aholiga nisbatan yuqoriroqdir. Boshqa davlatda bo‘lish davrida orttirilgan xavfli xulq–atvor va yangi odatlar ular o‘z yashash joylariga qaytib kelganlaridan keyin migrantlarni yanada xavfli guruhga aylantirishi mumkin. Mehnat migrantlarining OIV infeksiyasi bo‘yicha bilim saviyasining pastligi esa OIVni yuqtirishiga va infeksiyani doimiy yashash manziliga olib kirishiga imkon yaratadi.