Chet elda yurganingizda bir-biridan o‘zar osmono‘par binolar o‘ziga maftun qilganmi? Dubay, Singapur, Tokio, Seul kabi shaharlarda ko‘p qavatli inshootlarni ko‘rganingizda, «Qani endi yurtimizda ham mana shunday binolar ko‘paysa», deb orzu qilganmisiz? Orzular ushaladigan vaqt yetib keldi: Endilikda «Tashkent City» Xalqaro ishbilarmonlik markazi (XIM) hududida 50 qavatdan iborat yangi, zamonaviy osmono‘par bino barpo etiladi.



2019 yil 15 avgustdan so‘ng O‘zbekistonda qad rostlaydigan yangi baland inshootning rasmiy nomi va u haqidagi batafsil ma'lumotlar ommaga e'lon qilinadi. Unga qadar esa mamlakatimizning yetakchi, innovatsion qurilish kompaniyalaridan biri – «Murad Buildings» hamda Turkiyaning «Özgüven» kompaniyalari 5 iyulda tashkil etilgan matbuot anjumanida loyiha haqidagi boshlang‘ich yangiliklarni ma'lum qilishdi.

Qayd etish joizki, mazkur bino «Tashkent City» XIMning eng yirik loyihalaridan biri sanaladi. 215 metrdan ortiqroq balandlikka ega osmono‘par bino, ya'ni 4-lot inshootini barpo etish ishlari «Murad Buildings» hamda Turkiyaning «Özgüven» quruvchilik kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi. Ma'lum bo‘lishicha, mazkur obekt bir yarim gektar hududni o‘z ichiga qamrab oladi.
Loyihaning dastlabki taqdimoti ajoyib taassurotlarga boy bo‘ldi. «Murad Buildings» kompaniyasi rahbari Murod Nazarov va «Özgüven» boshqaruv kengashi raisi Ozgur Ozguven matbuot anjumanida 4-lotning o‘ziga xos xususiyatlari haqida alohida ta'kidlab o‘tishdi. So‘ngra barcha yig‘ilganlarga baland inshoot loyihasining fotosuratlari hamda maxsus rolik namoyish etildi.
Ma'lum bo‘lishicha, loyiha ustida 500 dan ortiq mutaxassislar tinimsiz ish olib borgan. Shak-shubhasiz, qurilish ishlari yakuniga yetgach, u o‘ziga xos arxitektura yechimlarini o‘zida mujassam etgan mamlakatdagi ilk osmono‘par bino, O‘rta Osiyoda esa eng baland binolarning biriga aylanishiga umid bildirilmoqda.


















