O‘zbekiston | 10:46 / 09.07.2019
11197
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi qator shifoxonalar DXSh loyihasiga aylantiriladi

Foto: TASS

Respublika tibbiyot tizimiga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish hamda tibbiy xizmatning samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat-xususiy sheriklikni (DXSh) rivojlantirish agentligi Xalqaro moliya korporatsiyasi ko‘magida gemodializ xizmati markazlarini barpo etish loyihasini amalga oshirib kelmoqda.

Ushbu loyiha hayotga samarali joriy etiladigan bo‘lsa, markaz orqali ko‘plab bemorlar xalqaro standartlarga javob beradigan dializ xizmatlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘lishadi. Ayni vaqtda ushbu loyihaning tender bosqichi amalga oshirilmoqda. DXSh agentligi mutaxassislari mazkur loyihani xar tomonlama puxta reja asosida ishlab chiqish va samaradorligini oshirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari bilan seminar treninglar o‘tkazib, loyiha konsepsiyasini ishlab chiqdi. Gemodializ klinikasini DXSh asosida rivojlantirish uchun 10 dan ortiq yirik xorijiy investorlar qiziqish bildirgan. Qayd etish kerakki, Xalqaro moliya korporatsiyasi ushbu loyihaning asosiy maslahatchisi sifatida ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda mahalliy investor tomonidan ilgari surilgan sterilizatsiya xizmatini DXSh asosida loyihalashtirish tashabbusi o‘rganib chiqilmoqda. Respublikada sterilizatsiya xizmatini joriy qilish jihozlardan yuqishi mumkin bo‘lgan ko‘pgina kasalliklarning oldini oladi.  
     
Bugungi kunda O‘zbekiston tibbiyot tizimida dolzarblik kasb etib turgan onkologiya yo‘nalishida DXSh asosidagi loyihani amalga oshirish yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan takliflar kelib tushgan. 

Ma'lumki, DXSh loyihalarni tanlash tender asosida amalga oshiriladi va bu borada tenderda qatnashish istagini bildiruvchi dunyoning yirik korxonalari O‘zbekistondagi investitsiya imkoniyatlariga qiziqish bildirmoqda. 

Jumladan, onkologiya sohasidagi DXSh loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Yevropaning yirik kompaniyalari qiziqish bildirmoqda. DXSh agentligi va vazirlik mutaxassislari ayni vaqtda bu va boshqa ko‘plab loyihalarni tahlil qilib, DXSh loyihasining qaysi shakliga mosligi va uning ijtimoiy-iqtisodiy afzalligi yuzasidan muhokamalar o‘tkazmoqda. Agentlik mutaxassislari va Osiyo taraqqiyot banki konsultantlari ayni yo‘nalishdagi har bir jarayonni mukammal o‘rganmoqda.

Bundan tashqari, poytaxtda ayrim shifoxonalarni tez orada mahalliy investor va Sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligidagi DXSh loyihasiga aylantirish rejalashtirilgan. Masalan, ular orasida insultdan keyingi reabilitatsiya markazi bo‘lishi rejalashtirilayotgan loyiha ham bor. Agar loyiha amalga oshiriladigan bo‘lsa ushbu markazda 200 nafar bemor reabilitatsiya xizmatlarini olish imkoniga ega bo‘ladi.
        
DXSh agentligi va Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari ushbu loyiha DXShning (DBRFOM – loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiyalash, moliyalashtirish, ekspluatatsiya qilish va boshqarish) shakliga mosligini aniqlab, loyihaga qo‘yiladigan talablarning aniqligi yuzasidan tahlillar olib borishmoqda. Loyihalarning amalga oshirilishi doimiy ravishda shartnoma tomonlarning majburiyati va talablarning bajarilishi yuzasidan monitoring amalga oshiriladi.
         
Respublikaning uch viloyatida markazlashgan laboratoriya xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha taklif qilingan loyiha bo‘yicha xam ishlar olib borilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu tashabbusni hayotga tatbiq etish bo‘yicha ayni vaqtda DXSh agentligi bilan loyiha har bir jarayonini puxta o‘rganib chiqishni boshlagan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid