O‘zbekiston | 16:29 / 11.07.2019
6641
6 daqiqa o‘qiladi

Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida nazoratni tashkil etish tartibi takomillashtiriladi

Foto: KUN.UZ

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratini tashkil etish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari va tovarlarni o‘tkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali shaxslar, transport vositalari va tovarlarni o‘tkazish punktlarida chegara, bojxona, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazoratidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, davlat chegarasi orqali o‘tadigan barcha shaxslar, transport vositalari va tovarlar chegara, bojxona, sanitariya-karantin, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq fitosanitariya va veterinariya nazoratiga tegishli bo‘lsa, ularni fitosanitariya va veterinariya nazoratidan o‘tkaziladi.

Muayyan tur va shakldagi nazoratdan ozod etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq belgilanadi.

O‘tkazish punktida davlat nazorati organlari shaxslar, transport vositalari va tovarlarni Davlat chegarasi orqali o‘tkazishni O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi hududiy organlari bilan hamkorlikda amalga oshiradilar.

Har bir muayyan o‘tkazish punktida shaxslar, transport vositalari va tovarlarni Davlat chegarasi orqali o‘tkazishning texnologik sxemasi hududiy davlat nazorati organlari va (yoki) o‘tkazish punkti ma'muriyati rahbarlari tomonidan kelishilgan holda joriy etiladi.

Nazorat tartib-taomillarini amalga oshirishda qurol-yarog‘ va texnika, maxsus nazorat texnika vositalari, muhandislik inshootlari, xizmat itlari, shuningdek, inson hayoti va salomatligi, hayvonlar, o‘simliklar uchun xavfsiz va tovarlar hamda transport vositalariga zarar yetkazmaydigan dezinfeksiya vositalaridan foydalanish mumkin.

Davlat chegarasini kesib o‘tishda davlat ekologik nazoratidan o‘tkaziladi:

Qizil kitobga kiritilgan yoki amaldagi qonunchilikka muvofiq olib kirish va olib chiqish ta'qiqlangan o‘simlik va hayvonot dunyosi obektlari hamda ularning qismlari, yashash faoliyati mahsulotlari, ularning hosilalari, botanik va zoologik kolleksiyalar;

harakatlanishi va tranziti “Xavfli chiqindilarni chegaralararo tashish va yo‘q qilib yuborish ustidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi 1989 yildagi Bazel konvensiyasi bilan orqali tartibga solinadigan ekologik xavfli chiqindilar;

Davlat ekologik nazorati obektlarini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish va olib chiqish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi chegarasi orqali tranzit olib o‘tish amaldagi qonunchilikka asosan yo‘l qo‘yiladi.

Davlat chegarasi orqali quyidagilar ustuvor tartibda o‘tkaziladi:

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va xalqaro shartnomalarga muvofiq muayyan imtiyozlarga ega shaxslar, og‘ir bemorlar, homiladorligi
va nogironligi yaqqol bilinib turgan shaxslar, 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar, ularga hamrohlik qiluvchi shaxslar va ular ketayotgan avtotransport vositalari;

xalqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchilarni muntazam tashiydigan transport vositalari;

tirik hayvonlar, tez buziladigan tovarlar, radioaktiv materiallar, ommaviy axborot maqsadlari uchun xabarlar va boshqa materiallar;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki Hukumatining tegishli topshirig‘iga muvofiq, ayrim shaxslar, tovarlar va transport vositalari;

tabiiy ofatlar, avariyalar, halokatlar oqibatlarini bartaraf etishda zarur bo‘lgan va insonparvarlik yordami sifatida yuboriladigan tovarlar, boshqa shunday tovarlar, shuningdek, ushbu tovarlar olib o‘tiladigan transport vositalari;

O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga yuboriladigan tovarlar;

O‘zbekiston Respublikasining oliy qonunchilik, ijro etuvchi va sud hokimiyati organlariga yuboriladigan tovarlar.

Zarur hollarda, shaxslar, transport vositalari va tovarlar chegara nazorati bo‘linmasi rahbari hamda bojxona organi boshlig‘ining o‘zaro kelishuviga asosan ustuvor tartibda o‘tkazilishi mumkin.

Jismoniy shaxslarga o‘tkazish punktida quyidagilar taqiqlanadi:

chegara nazorati bo‘linmasi rahbarining ruxsatisiz foto va videoga suratga olish;

davlat nazorati organlarining nazorat tartib-taomillarini tashkil etishiga xalaqit bersa, mobil va boshqa vositalardan foydalanish;

davlat nazorati organlari xodimlarini nazorat tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha belgilangan tartibni buzishga majbur qiladigan harakatlarni sodir etish, shu jumladan ularga biron-bir moddiy qimmatliklar taklif etish;

davlat nazorati organlarining qonuniy talablarini bajarmaslikka, har qanday ko‘rinishda omma oldida da'vat etish, ommaviy ravishda bo‘ysunmaslikni keltirib chiqarish maqsadida atayin soxta uydirmalar tarqatish yo‘li bilan davlat nazorati organlarining o‘z qonuniy faoliyatini amalga oshirishiga qarshilik ko‘rsatish, shuningdek davlat nazorati organlarining huquqbuzarliklarni to‘xtatish haqidagi qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik;

o‘tkazish punkti hududiga yoki uning xizmat xonalariga belgilangan tartibni buzgan holda kirish;

o‘tkazish punkti hududiga tegishli ruxsatlarsiz qurol-yarog‘, portlovchi moddalar va atrofdagilar hayoti yoki salomatligiga xavf tug‘diradigan boshqa predmetlar (moddalar) olib kirish (olib o‘tish).

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid