11 iyul — Butunjahon aholishunoslik kuni munosabati bilan BMTning aholishunoslik fondi (UNFPA) va hukumat idoralari ishtirokida anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda butun dunyoda hamda O‘zbekistonda ayollarning huquqlari muhofazasi va reproduktiv salomatlik himoyasi holati haqida so‘z bordi.

Butun dunyoda ayollar huquqlarini himoya qilish, gender tengligini ta'minlash, reproduktiv salomatlikni mustahkkamlash Birlashgan Millatlar Tashkilotining ustuvor harakatlaridan biri hisoblanadi.

«Bundan 25 yil avval, 1994 yilda Qohirada Aholishunoslik va taraqqiyot bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazilgan edi. 179ta mamlakatdan 10 mingdan ziyod delegatni birlashtirgan bu konferensiyada insonning reproduktiv salomatligi va huquqlari, ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish va gender tengligini ta'minlash masalalari muhokama qilinib, bu huquqlarning zarurati tan olingan edi. Natijada, butun dunyo aholisining reproduktiv salomatligi, o‘z ixtiyori bilan oila qurish, homilador bo‘lish vaqtini ixtiyoriy belgilash, onalar o‘limini to‘xtatish, ayollar huquqlarini e'tirof etish butun bo‘yicha dunyo hamjamiyati birgalikda choralar ko‘rdi. Ammo hali ham o‘zining reproduktiv huquqlaridan mahrum bo‘lgan aholi mavjud. Hamma birdek qamrab olinmagan. 2019 yil Nayrobida bo‘lib o‘tadigan sammitda hukumatlar, BMT agentliklari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, xususiy sektor vakillari bir joyda jamlanib, mazkur masalalarni hal etish bo‘yicha takliflarni taqdim etadilar»,─ deydi BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori  Helena Freyzer.

UNFPA’ning O‘zbekistondagi vakili vazifasini bajaruvchi Pedro Pablo Villanuevaning qayd etishicha, insonlarning eng oddiy haqlaridan bo‘lgan reproduktiv huquq, oila qurish kabi masalalarda hal etilishi kerak bo‘lgan ishlar hali ko‘p. «Hali barchani qamrab ololmaganimizni quyidagi raqamlar ham ko‘rasatadi: dunyo bo‘yicha 5 million homilador ayol tibbiy yordamga muhtoj, 274 million ayol o‘z istagan kontratseptiv vositalarga ega bo‘lmagani uchun homiladorlikning oldini olish imkoniyatiga ega emas. Har yili farzandini dunyoga keltirish chog‘ida 830 nafar ayol vafot etadi. 33.000 nafar qiz erta turmushga chiqishga majburlanadi. 11.000 nafar qizning jinsiy a'zolariga jarohat yetkaziladi.

Gender tengligi ta'minlangan, hech kim jinsiy zo‘ravonlikka duch kelmaydigan, hech kim o‘z ixtiyoriga qarshi oila qurishga majburlanmaydigan, har bir ayol homiladorlikni o‘z istagiga ko‘ra rejalashtiradigan, tug‘ruq jarayoni ona uchun ham, bola uchun ham xavf solmaydigan jamiyatni haqiqatga aylantirish uchun faqatgina umid kifoya emas. 2030 yilgacha barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun bu masalalarni hal etish lozim», ─ deya ta'kidlaydi Villanueva.