O‘zbekiston | 18:27 / 13.07.2019
10627
2 daqiqa o‘qiladi

Pokiston elchisi: Namanganga sarmoya kiritish istagida bo‘lgan kompaniyalar juda ko‘p

Respublika viloyatlariga tashrif doirasida Namanganga kelgan Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Irfon Yusuf Shami Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan qabul qilindi.

Uchrashuvda O‘zbekiston hamda Pokiston o‘rtasida iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, Namangan viloyatiga Pokiston investitsiyalarini jalb qilish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, viloyatda ishlab chiqarilgan sanoat hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Pokistonga eksport qilish, turizm, tekstil, charm sanoati, farmatsevtika hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlik istiqbollari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvdan so‘ng Irfon Yusuf Shami matbuot vakillariga qisqa intervyu berdi:

 – O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida azaldan madaniy va iqtisodiy aloqalar mavjud bo‘lib kelgan. Ayniqsa Zahiriddin Muhammad Boburning ona vatani Farg‘ona vodiysi bilan hozirgi Pokistonni bog‘lab turuvchi xususiyatlar bor. Boburiylar davrida Lohur gullab-yashnagan yirik shaharga aylangan. Bobur tug‘ilgan viloyatda bo‘lib turganimdan juda xursandman, viloyat hokimiga qabul uchun tashakkur bildiraman.

So‘nggi ikki yilda O‘zbekistonda juda katta islohotlar olib borilyaptiki, bular xorijiy sarmoyadorlarni hamda kompaniyalarni mamlakatingizga ohanrabodek jalb qilyapti. Pokistonlik investorlar ham O‘zbekistonga, ayniqsa Farg‘ona vodiysiga katta qiziqish bildirishmoqda, bir nechtalari Namanganga kelib viloyat hokimi bilan muzokaralar ham o‘tkazishdi. Viloyatingiz bilan hamkorlik qilish istagida bo‘lgan kompaniyalar talaygina.

Dilmurod Jumaboyev
Rasmlar muallifi: Tohirjon Tursunov

Mavzuga oid