O‘zbekiston | 19:40 / 18.07.2019
14093
3 daqiqa o‘qiladi

An'anaviy bog‘larda 15 tonna, intensiv bog‘larda 60-70 tonna hosil olinmoqda

Bugun, 18 iyul kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezident Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori ijrosini ta'minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan press-brifing tashkil etildi.

Unda vazirlikning Bog‘dorchilik va uzumchilik boshqarmasi boshlig‘i F.Qirg‘izboyev, Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va infratuzilmasini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Saidkarim Mahmudov, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi rahbari Nasriddin Najimov ishtirok etdi.

Brifingda taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, respublikada 2018 yilda 2,6 mln tonna meva mahsulotlari yetishtirilgan bo‘lib, joriy yilda bu ko‘rsatkich 2,9 mln tonnani tashkil etishi rejalashtirilgan.

O‘zbekistonda jami 269,5 ming gektar bog‘lar bo‘lib, shundan 188 ming gektar bog‘lar fermer xo‘jaliklari ixtiyorida. 2018 yilda 9 ming gektar intensiv bog‘lar barpo etilgan.

Bog‘dorchilik sohasini texnikalar bilan to‘liq ta'minlash maqsadida 2025 yilgacha agrotexnikalar sonini 12 ming 533 donaga ko‘paytirish yuzasidan chora-tadbirlar ishlab chiqilgan va bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning birinchi yarim yilligida jami 780 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari (700 mln dollardan ortiq) ho‘l meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilingan. Tashqi bozorga chiqarilgan quritilgan mevalar esa 10 268 tonnani tashkil etib, qiymati 7 9024,8 ming dollarni tashkil etgan.

Tadbirda intensiv bog‘larning an'anaviy bog‘lar o‘rnini egallab borishi navlar qisqarishiga, xalqimiz sevgan mazali mevalar yo‘qolishiga olib kelmaydimi, degan savolga ham javob berildi.

Nasriddin Najimovning aytishicha, intensiv bog‘lar yo‘lga qo‘yilishi bozor va eksport talabidir. Sababi, an'anaviy bog‘larning bir gektaridan o‘rtacha 15 tonna atrofida meva olinsa, intensiv bog‘larda bu ko‘rsatkich 67 tonnagacha yetadi. Shuningdek, intensiv bog‘lardan olingan mahsulot eksportbop hisoblanadi. Lekin bu an'anaviy navlarga xavf tug‘dirmaydi, sababi respublika bo‘ylab 180-200 ming gektar atrofida intensiv bog‘lar bo‘lsa, 450 ming gektar tomorqalarda an'anaviy bog‘lar parvarishlanmoqda.

Mavzuga oid