O‘zbekiston | 13:02 / 18.07.2019
6437
5 daqiqa o‘qiladi

IIV rasmiy axboroti: «Mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tmagan xorij OAV xabarlariga munosabat bildirilmaydi»

Foto: KUN.UZ

Bugungi kunda tezkor axborotga bo‘lgan talab tobora kuchayib bormoqda va bundan o‘z manfaati yo‘lida foydalanayotgan ijtimoiy tarmoqlardagi ba'zi saytlar, internet foydalanuvchilari, blogerlar o‘z sahifalarida tasdiqlanmagan, yolg‘on, bir tomonning fikri bilan xulosa qilib tayyorlangan ma'lumotlarni ham tarqatmoqdalar. Go‘yoki ular xolis ma'lumot e'lon qilayotgan bo‘lib, o‘z “obro‘”larini oshirmoqdalar, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabarida.

Qayd etilishicha, bunday holat aholi o‘rtasida turli mish-mishlarga, ba'zi kasb egalariga nisbatan salbiy fikrlarni shakllanishiga, ayrimlarning harakatlariga nisbatan noto‘g‘ri xulosa chiqarishga olib kelmoqda.

Bildirilishicha, ayrim shaxslar ko‘cha-kuydagi turli voqea va hodisalarni tasvirga olib, noto‘g‘ri izoh bilan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan shug‘ullanib, boshqalarning tashvishlarini ommaga yoymoqdalar.   

Sodir bo‘lgan voqea va hodisa ishtirokchilarining ruxsatisiz ularni video yoki foto tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish noqonuniy ekanligini unutmaslik kerak. O‘zbekiston Respublikasining “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni 13-moddasiga asosan, jismoniy shaxslarga taalluqli shaxsiy ma'lumotlar maxfiy axborot toifasiga kirishi, jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotni, xuddi shuningdek shaxsiy hayotiga taalluqli sirini, yozishmalar, telefondagi so‘zlashuvlar, pochta, telegraf va boshqa muloqot sirlarini buzuvchi axborotni to‘plashga, saqlashga, qayta ishlashga, tarqatishga va undan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi, jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi axborotdan ularga moddiy zarar va ma'naviy ziyon yetkazish, shuningdek ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ro‘yobga chiqarilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida foydalanish taqiqlanishi belgilab qo‘yilgan.

Agar fuqarolar ayrim shaxslar tomonidan noqonuniy harakatlar sodir etilayotganligining guvohi bo‘lib qolsalar va bu harakatlar video va fotoga olingan bo‘lsa, qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rish uchun tegishli huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim etishlari kerak. Masalan, yo‘lda yo‘l-transport hodisasining guvohi bo‘ldingiz. Siz ushbu hodisa ishtirokchilarini tasvirga olish uchun ularning roziligini olishingiz, agar yo‘l-transport hodisasida inson halok bo‘lgan bo‘lsa, marhumning yaqinlari roziligi bilan ularni tasvirga olishingiz va ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilishingiz mumkin.

Ba'zi xorijiy ommaviy axborot vositalari fuqarolarning soddaligidan foydalanib, ularning muammolarini hal qilishda ko‘maklashishda yolg‘on va'dalar berib, bir tomonlama noxolis materiallarni tarqatib, soxta obro‘ orttirmoqchi bo‘lganliklari bugun barchamizga ayon. Shuning uchun ijtimoiy tarmoqlardan o‘zingiz uchun axborot izlayotganda rasmiy manbalarga tayansangiz aniq va to‘g‘ri ma'lumotlarga ega bo‘lasiz, deyiladi IIV xabarida.

Ta'kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlardagi ba'zi manbalarning ichki ishlar organlariga oid tasdiqlanmagan, noto‘g‘ri axborotlari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining internetdagi rasmiy manbalari (veb-sayt: www.iiv.uz, telegram: @iivuz yoki https://t.me/iivuz, feysbuk: https://www.facebook.com/IIVUZ/) orqali rasmiy munosabatlar, raddiyalar berib borilmoqda. Biroq, mamlakatda qonunda belgilangan tartibda akkreditatsiyadan o‘tmagan xorij ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilgan xabarlarga munosabat bildirilmaydi, deyilgan ma'lumotda.

Fuqarolar jinoyatlar haqida xabar berish uchun qisqa “102” telefon raqamidan, ichki ishlar xodimlari tomonidan ularga nisbatan noqonuniy harakatlar sodir etilganida “1102” raqamli “Ishonch telefoni”dan foydalanishlari mumkin. Xabar bergan shaxs haqidagi ma'lumotlar oshkor etilmasligi kafolatlanadi. Anonim murojaatlar e'tiborga olinmasligi aytiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid