Jahon | 23:37 / 18.07.2019
6447
3 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyada anime-studiyaga o‘t qo‘yilishi oqibatida 33 kishi halok bo‘ldi

Foto: Reuters

Yaponiyaning Kioto shahrida Kyoto Animation Co. anime-studiyasiga o‘t qo‘yildi. Buning oqibatida 33 kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odamlar jarohatlangan.

Mahalliy OAVning xabar berishicha, 18 iyul ertalab studiyaga bir erkak bostirib kirib, binoga benzin quyib, yong‘in uyushtirgan. 

Yong‘in Kyoto Animation Co’ning 3 qavatli binosida mahalliy vaqt bilan soat 10:30da boshlangan. Voqea joyida qutqaruv ishlari olib borilmoqda. O‘nlab odamlar bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Binoning 3-qavatida odamlar qolib ketgan bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirilgan.

Yong‘inni sodir etishda gumon qilingan erkak yong‘in vaqtida olingan jarohatlar bilan shifoxonaga yetkazilgan. Ma'lum qilinishicha, u 41 yoshda bo‘lib, studiya xodimi bo‘lmagan. Uni hozircha so‘roq qilishning iloji bo‘lmagan.

Politsiya voqea joyida pichoqlar ham topgan. Guvohlarning aytishicha, dastlab kuchli portlash yuz bergan, so‘ngra alanga butun binoni qamrab olgan.

Hozirda shifoxonalarda 36 jabrlanuvchi bor bo‘lib, ulardan ba'zilari og‘ir ahvolda. Yong‘in boshlangan vaqtda binoda 70 ga yaqin odam bo‘lgan.

Mamlakat bosh vaziri  Sindzo Abe halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik bildirgan. 

Ta'kidlanishicha, yong‘in boshlanganda gumonlanuvchi binodan yugurib chiqib, yaqin oradagi bekatga yo‘l olgan, biroq yo‘lda yerga yiqilib tushgan.

Studiya direktori Xideaki Xatta NHK telekompaniyasiga intervyusida studiya yaqinda tahdidlar bildirilgan elektron maktublar olganini ma'lum qilgan.

“Ular idoramizga va savdolar bo‘limiga yo‘llangan bo‘lgan, bizga o‘lim bilan tahdid qilishgandi”, deb aytgan Xatta.

Kyoto Animation (yoki KyoAni) mashhur anime-studiyasiga hisoblanib, unga 1981 yilda asos solingan.

Agar yong‘in uyushtirish taxmini tasdiqlansa, unda bu Yaponiyada 2016 yilda beri sodir etilgan eng ommaviy jinoyat bo‘ladi. O‘shanda bir erkak Tokio yaqinidagi nogironlarga mo‘ljallangan muassasada 19 kishini pichoqlab tashlagan. Yaponiyaning urushdan keyingi tarixida qurbonlar soni bo‘yicha eng yirik yong‘in 2001 yilda Tokioning Kabuki-tyo mavzesidagi o‘t qo‘yilishi hisoblanadi. O‘shanda 44 kishi halok bo‘lgan.  

Mavzuga oid