Bundan bir necha yil ilgari sodir etilgan jinoyat nafaqat voqea ishtirokchilarini tanigan qo‘ni-qo‘shni va yaqinlarini, balki bu mudhish voqeani eshitgan har qanday kishini afsuslantirdi, deb yozmoqda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi bo‘lim katta prokurori Raxman Sankibayev “Huquq” nashrida.

2016 yil 27 mart. Respublikaning olis tumanlaridan birining ichki ishlar bo‘limi navbatchi qismiga noma'lum shaxsning qumga ko‘milgan murdasi topilganligi haqida xabar kelib tushdi. Voqea joyi ko‘zdan kechirilar ekan, qiynab o‘ldirilgan noma'lum shaxs tuman hududida istiqomat qilgan, 1968 yilda tug‘ilgan Sobirbek Bo‘riyev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ekanligi ma'lum bo‘ldi.

Sobirbek aslida kimligini, qaysi manzilda yashashini, kasbi-korini aniqlash huquq-tartibot idoralari xodimlarida deyarli qiyinchilik tug‘dirmadi. Gap shundaki, marhum ichki ishlar bo‘limi xodimlariga bundan sal avvalroq, ya'ni 2015 yilning noyabr oyida yuz bergan bir voqea tufayli juda yaxshi tanish bo‘lib qolgandi.

* * *

S.Bo‘riyev ikki xonali uyda yolg‘iz yashardi. U oilasida yuzaga kelgan kelishmovchiliklar tufayli turmush o‘rtog‘i bilan ajrashgach, boshqa oila qurmagan. Hech qayerda ishlamasdi. Na ishi, na tayinli bir kasb-kori bo‘lmagan. U tengilar allaqachon o‘g‘il uylantirayotgan, qizlarini turmushga berayotgandi. Maqsadsiz hayot tarziga o‘rgangan S.Bo‘riyev esa bunday baxtdan o‘zini o‘zi benasib qilib qo‘ygandi.

Shunday kunlarning birida u kimdandir tuman hududida istiqomat qiluvchi fuqaro Zulfiya Xojaniyazovaning qo‘l telefoni raqamini oladi va unga qo‘ng‘iroq qilib, tanishish maqsadini bildiradi. Tabiiyki, notanish yigitning kutilmagan taklifi Zulfiya tomonidan shu paytning o‘zidayoq rad etiladi. Lekin S.Bo‘riyev Z.Xojaniyazovaga takror va takror qo‘ng‘iroq qilib, o‘zini 1990 yilda tug‘ilganligi, har kuni uni kuzatib yurganligi, hattoki, uni bir ko‘rishdayoq yoqtirib qolganligi haqidagi yolg‘onlariga ishontirishga urinadi. Albatta, yoshi bir joyga borib qolgan S.Bo‘riyev qizni o‘z qarmog‘iga ilintirish oson kechmasligi aniq edi. Shuning uchun ham u Zulfiyaning soddaligidan foydalangan holda boshqa qator yolg‘onlarni o‘ylab topib, oxiri qizni, avval gaplashishga, so‘ng esa o‘zi bilan uchrashuvga chiqishga ko‘ndiradi.

Xullas, yigitning gaplariga ishongan qiz uchrashuvga chiqadi. Ammo atrof qorong‘i, ustiga-ustak S.Bo‘riyev kepkasini yuziga tushirib kiyib olganligi bois, aslida salkam ellik yashar "yigit"ni aniq ko‘ra olmaydi. S.Bo‘riyevning hiylasini qarangki, u Zulfiya bilan bo‘lgan ilk uchrashuvda bu mening rasmim deb boshqa bir yosh yigitning rasmini unga berib ketadi.