O‘zbekiston | 07:39 / 23.07.2019
16106
3 daqiqa o‘qiladi

Deputatlar jarimani kechiktirmasdan to‘laydigan fuqarolarga 30 foizlik chegirma joriy etishni taklif qilishdi

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

2019 yil 22 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlash maqsadida ko‘rib chiqilgan bir qator qonun loyihalari siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yig‘ilishlarida ham dastlabki tarzda qizg‘in muhokama qilingan edi.  

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, majlisda «O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokamasi munozaralarga boy kechdi.

Sud faqat jazo tayinlovchi organ degan eski tushunchalar, qonun normalari esa, shunday jazolarni qo‘llash uchun huquqiy asos degan noto‘g‘ri talqinlar deputatlarning so‘nggi yillardagi qator sa'y-harakatlari tufayli, o‘zgarayotgani, jamoatchilik tomonidan deputatlarning qator takliflari, tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanayotgani sir emas. Ushbu qonun loyihasi ustida olib borilgan ishlarda ham deputatlarimiz sud ham, qonunlar ham adolat o‘rnatishga xizmat qilishi zarur, degan g‘oyaga suyanib, uni takomiliga yetkazdilar. Loyiha muhokamasi davomida ham uning asl mohiyatini saqlab qolishga harakat qildilar. Shuning uchun ham majlisda ko‘rib chiqilgan qonun loyihalari ichida eng ko‘p ovoz to‘plab qabul qilingan hujjatlardan biri mazkur loyiha bo‘ldi.

Loyiha sud tomonidan jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan sanadan boshlab o‘n besh kun ichida jarima miqdorining yetmish foizi huquqbuzar tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘langan taqdirda u qolgan summani to‘lashdan ozod etilishini nazarda tutuvchi ma'muriy jarima solish to‘g‘risidagi qarorlarni ijro etishning soddalashtirilgan tartibini joriy etishni nazarda tutadi. Ma'muriy jarima solish to‘g‘risidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest keltirilganda, ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida xuddi shunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganida qo‘llanilmasligi qayd etib o‘tilgan.

Deputatlarning qayd etishicha, taklif qilinayotgan o‘zgartirishlarning amaliyotda qo‘llanishi fuqarolarni tayinlangan jarimalarni o‘z vaqtida to‘lashga rag‘batlantiradi, ular uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi, shuningdek mablag‘lar o‘z vaqtida Davlat budjetiga kelib tushishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid