Vazirga e'tiroz: «Ona tili va yozuvni texnologiyaga emas, texnologiyani til va milliy yozuvga moslaştiriş şart!»
|17:30 / 25.07.201933 09511 min
Xalq ta'limi vaziri Şerzod Şermatov biroz oldinroq jurnalist Kirill Altmanga bergan intervyusida lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini isloh qiliş masalasida fikr bildirib, bu islohotga qarşi ekani haqida gapirgandi.
«Töğrisini aytganda, men bunga qarşiman. Lotin alifbosini isloh qilişning keragi yöq. Bizning lotin yozuviga töliq ötmaganligimiz uning mukammal emasligidanmas. Agar istasak şundoq ham ötişimiz mumkin edi. Hattoki qandaydir ekspertlar taklif qilayotgan bir neçta belgini qabul qilgan taqdirimizda ham lotin alifbosiga töliq ötişimizga kafolat yöq. Ammo mana şu bir neçta belgini qabul qiliş barça darsliklarni boşqatdan naşr qilişga olib keladi. Bu — milliardlar degani. Va biz yana bir neça avlodni yöqotamiz. Men «aytiçi» (IT) sifatida ortiqça harflarga qarşiman. Ya'ni, standart inglizça klaviatura bor. Mana şu klaviatura doirasida işlaş kerak. Agar juda sodda qilib aytadigan bölsak. Tamom. Bizda esa albatta turkça belgilar, yana nimadir qöşişadi. Buning nima keragi bor?», - degandi vazir.
Xalq ta'limi vazirining «Lotin alifbosini isloh qilişning keragi yöq» degan fikriga qat'iy e'tiroz bildiramiz. Butun bir xalqning ta'limi va tarbiyasi boşida turgan rahbar nahotki islohotlarda millat kelajagini, yozuvning ona tili tabiatiga mos bölişini emas, faqat «milliardlar»ni köradi? Agar bu tamoyilga tayanadigan bölsak, bugun qilinayotgan juda köplab islohotlarga qöl urmasligimiz kerak bölar edi. Aytaylik, butun mamlakatimiz böylab qurilgan köp sonli kasb-hunar kollejlari özini oqlamagaç, ularning juda katta qismidan voz keçildi. Holbuki, ularning binolarini qurişga, moddiy-texnik bazasini şakllantirişga, darsliklarini çop etişga va boşqa taşkiliy-ma'rifiy işlari uçun ozmunça mablağ sarflanganmidi?!
Mamlakatimizda bugungi islohotlar uzoq kelajakni öylab amalga oşirilayotganini yaxşi bilamiz. Qabul qilinayotgan qarorlar, rasmiy hujjatlardan közlangan maqsad – sohalardagi mavjud kamçiliklarni imkon qadar tezroq tugatiş istagidir. Jumladan, Özbekiston Respublikasi Boş vaziri A.Aripov hamda Prezident maslahatçisi X.Sultonov tomonidan 2018 yil 15 mayda imzolangan «Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini joriy etiş va yanada takomillaştiriş böyiça Harakatlar rejasi» ham şu maqsadga xizmat qiladi. Uning birinçi bandida «Özbekiston Respublikasining «Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini joriy etiş töğrisida» qonuniga özgartirişlar kiritiş haqida»gi 1995 yil 6 maydagi qonuni hamda Özbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Özbek tilining asosiy imlo qoidalarini tasdiqlaş haqida»gi 1995 yil 24 avgustdagi qarorini takomillaştiriş topşiriği belgilangan. Yuqoridagi suhbatda tilga olingan «qandaydir ekspertlar» ham aynan şu nufuzli hujjat asosida iş olib borişyapti – öz-özidan paydo bölib, şunçaki işlayotganlari yöq.
Mavzuga oid
Harakatlar rejasida muhim masalalar, ularning ijro mexanizmi va mas'ullari belgilangan. Jumladan, uning 8ta bandida Xalq ta'limi vazirligi zimmasiga ham jiddiy vazifalar yuklatilgan. Demak, yozuv va imlo islohoti jarayonida vazifalarning salmoqli qismi Xalq ta'limi vazirligi zimmasiga tuşadi. Xöş, vazirlik uşbu Harakatlar rejasida belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlaş böyiça qanday işlarni amalga oşirmoqda?
«Alifbo özgarsa, çop etilgan darsliklar nima böladi?» deb taşvişlanişga hojat yöq. Sababi, alifboni butunlay emas, bor-yöği undagi törtta harfni isloh qiliş haqida gap ketmoqda. Qolaversa, maktab darsliklari şusiz ham har uç yilda yangidan naşr etiladi. Va agarda alifbo özgargan taqdirda ham, darsliklar naşrini bosqiçma-bosqiç amalga oşiriş mumkin.
Yozuv kelajak avlodning bilimi, tafakkuri, millatning tiynati, ma'naviyatiga öta jiddiy ta'sir körsatadi. Alifboning takomili, qulayligi, tilda mavjud tovuşlarni imkon qadar qamrab olişi, millat tilining barça xususiyatlariga mos bölişi oldida boşqa masalalar ikkilamçidir. Agar amaldagi alifbo qulay va mukammal bölganida, keng jamoatçilikning, jumladan, soha mutaxassislarining, ilğor va malakali, jonkuyar öqituvçilarning qat'iy va jiddiy e'tiroziga sabab bölmasdi.
Xalq ta'limi vaziri «Men «aytiçi» (IT) sifatida ortiqça harflarga qarşiman» demoqda. Holbuki, til va yozuvni texnologiyaga emas, texnologiyani ona tili va yozuviga moslaştiriş – oddiy mantiq talabi. Özini, ona tilini hurmat qiladigan barça millatlar şu tamoyilga amal qilişadi. Bölmasa, lotin yozuvidan foydalanadigan dunyodagi köp sonli millatlar ovora bölib milliy alifbolariga turli qöşimça belgili harflarni kiritmagan bölardi. Özlarining «aytiçi» mutaxassislari fikriga quloq solib, yozuvlarini ingliz alifbosiga moslaştirib olgan bölişardi, vassalom. Umuman olganda, ona tili va yozuvi haqida gap ketganida, «aytiçi» böliş hal qiluvçi sözni aytişga vakolat bermaydi. Çinakam axborot texnologiyalari mutaxassisining vazifasi – ona tili tabiatiga mos alifboni joriy etişga texnik jihatdan taklif berişdir.
Alifbo islohiga qarşi bölganlar uning öqiş va yozişga qulay yoki noqulay bölişi borasida emas, islohot tufayli özlariga ortiqça taşviş tuğilişi haqida öylayaptilar, nazarimizda. Holbuki, har qanday islohot jonkuyarlikni, özingning ustingda işlaşni talab etadi.
Yana bir gap: vazir ta'kidlaganiday, ekspertlar tomonidan taklif qilingan ikkita harf (Ç, Ş) heç ham «turkça belgilar» emas. Ular bizning millatparvar, ma'rifatparvar jadidlarimiz yuz yil oldin turkiy alifboga kiritgan belgilardir. Buni biliş uçun turkiy xalqlarning yozuv tarixi bilan yaqindan tanişiş kifoya. Ma'lumki, sobiq şöro ittifoqi tarkibidagi turkiy xalqlarning Yanalif deb nomlangan lotin alifbosiga ötişi masalasi haqidagi jiddiy qaror 1926 yilda Boku şahrida bölib ötgan turkologlarning 1-s'yezdida ma'qullangan edi. Öşa alifbodan bugun ekspertlarimiz taklif etayotgan belgilar ham örin olgan. Markaziy Osiyo xalqlari orasida birinçilardan bölib lotin alifbosining qulayligi, dunyo bilan böylaşiş uçun zarurligini anglagan ziyolilarimiz sa'y-harakati bilan 1929 yilda Turkiston ölkasi uçun yangi milliy alifbo qabul qilingandi. Yuqoridagi ikki belgi ana şu alifbo tarkibidan olingan.
Isloh qilinişi taklif etilayotgan yana ikkita harf (O‘ va G‘) tufayli yurtimizdagi barça yozuvlar ğij-ğij xatoga tölib ketdi. Çunki ularni töğri yoziş şu qadar muşkulki (O‘ va G‘ harflari yoniga qöyiladigan ‘ belgisi klaviaturadagi ALT+0145 tugmalarini bosiş evaziga yoziladi), bu muammolar aynan standart ingliz tili klaviaturasidan foydalanib qöya qoliş istagidan yuzaga kelgan. Köpçilik O‘ va G‘ harflaridagi belgilar bilan tutuq belgisini farqlay olmay, boşqa belgilar qöyib yozadilar. Hatto yaxşi mazmundagi kitoblarni naşr etadigan ayrim naşriyotlarda ham şu ahvol.
Alifbo muammosining oğriğini kundalik amaliyotda özbekça matnlarni lotin yozuvida qoğozga tuşiradigan yoki kompyuterda teradigan kişigina öz tanasida his qila oladi. Xulosa şuki, biz öz xalqimizning savodxon bölişini, yozuvimiz öqiş va yozişga, eng muhimi, ona tilimiz tabiatiga mos bölişini istasak, amaldagi alifboni Harakatlar rejasida belgilangan muddat, ya'ni şu yildan keçiktirmasdan isloh qilişimiz şart!
Odamga ta'sir qiladigan jihat şuki, bundan salkam yuz yil oldin – 1922 yilda ma'rifatparvar pedagog Şokirjon Rahimiy tomonidan aytilgan quyidagi gaplar bugun ham öz ahamiyatini yöqotgani yöq: «Har qaysi ulus adabiyotining tugallaşmasi şu ulusning til va yozuvining tartiblik va yösunlik bölişiga boğliqdir. Tartibsiz va qoidasiz til, yozuv böyiça tuzilgan adabiyotning bir kun emas bir kun bitişiga heç gumon yöqdir. Til jon bölsa, yozuv uning badanidir. Soğ bölmağon bir tanda jonning yaşamoği qiyindir. Bizning yozuvimiz kasal. Buning ilojiga tezdan kirişilmasa, iş xavflidir».
Onasi kasal farzand borini sotib bölsa ham uni tuzatişga, davolaşga harakat qiladi. Kerakli dorini qimmat ekan deb jim qarab ötirmaydi. Tilimiz ham, köp bora ta'kidlangani kabi, bizga onamiz qadar muqaddas... Qolaversa, mablağ iqtisodi haqida gap ketganda bitta faktni qistirib ötaylik: agar bizga muammo tuğdirayotgan, juft belgilardan tarkib topgan O‘, G‘, Sh va Ch harflarini isloh qilib, ularning örniga yaxlit harflarni qabul qilsak, millionlab adadda çop etilayotgan kitob, qöllanma, darslik, gazeta-jurnal va boşqa vositalardagi matnlar ham hajman keskin qisqarib, kelajakda milliardlab mablağlarning tejalişiga zamin yaratgan bölamiz.
Aslida islohdan boş maqsad – faqat tejamkorlikni öylaş emas, balki özbek tiliga Davlat tili degan yuksak maqom berilganiga 30 yil tölgan uşbu muborak pallada ona tilimizning libosi bölgan yozuvimizni uning ruhiga mos qilib olişdir. Bunday qutluğ masalada biryoqlama xulosa, hukm çiqarib bölmaydi.
Taqdim etilgan alifboga yana zarur özgartirişlar kiritiş, Ts harfining kirişi va NG harf-birikmasining çiqarilişi, unlilar ifodasi kabilarni qayta körib çiqib alifbomiz masalasini hal qiliş şart.
Alifboning keçikişi çala-çulpa va köp nomutanosibliklar bilan qabul qilingan imlo qoidalarimizni tuzatişni ham keçiktirmoqda. Bizda imlo qoidalari ham, albatta isloh qilinişi şart. Bu – köplab mutaxassislar, tilşunos olimlarning fikri.
P.S.: Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini isloh qiliş böyiça tuzilgan işçi guruh yangilangan alifbo variantini keng jamoatçilikka taqdim etdi. Xöş, bu alifbo loyihasi qaçon, qayerda va qay tarzda körib çiqiladi? Ona tilimiz va yozuvimiz taqdiriga befarq bölmagan yurtdoşlarimiz, ziyolilar uşbu savollarga javob kutyapti. Öylaymizki, bu savollarga tez orada mas'ul idora va vakolatli şaxslar öz amaliy harakatlari bilan javob beradilar.