O‘zbekiston | 12:10 / 29.07.2019
11504
4 daqiqa o‘qiladi

O‘rta tibbiyot va farmatsevtika kadrlari bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinadi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazi hamda uning filiallari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Hujjat respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevt kadrlarining malakasini oshirish va ixtisoslashtirish yagona tizimini joriy etish kasb darajasi va kasb layoqatini muntazam ravishda oshirish, kasbiy bilim va ko‘nikmalarni chuqurlashtirish va yangilash, shuningdek, respublika va jahon tibbiyoti sohasidagi oxirgi yutuqlardan samarali foydalanishni ta'minlash va yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish maqsadida qabul qilinishi mumkin.

Quyidagilar Respublika o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ixtisoslashtirish markazining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash muassasalari hamda bo‘limlari faoliyatiga zamonaviy jahon talablariga javob beradigan, xalqaro tajribaga asoslangan ta'lim jarayonini kiritish;
 
o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimida o‘quv reja hamda dasturlaridagi nazariy, amaliy o‘quv soatlarini maqbul ravishda birga qo‘shib olib borilishini inobatga olgan holda ishlab chiqish;

o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash muassasalarining o‘quv-uslubiy ishlarini tashkillashtirish, ularning faoliyatiga tashkiliy-amaliy va uslubiy rahbarlik qilish;

zamonaviy tendensiyalarga va sog‘liqni saqlashning amaliy ehtiyojlariga muvofiq o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimida ilmiy-metodik hujjatlarni, ta'lim jarayonini tashkil etish mexanizmlarini ishlab chiqish va muvofiqlashtirish.

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziriga Markaz va uning filiallari tuzilmasiga xodimlarning belgilangan umumiy cheklangan soni doirasida o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi.

Belgilab qo‘yilishicha, Markaz va uning filiallari xodimlariga kadrlar malakasini oshirish va ularni ixtisoslashtirish tizimi ta'lim muassasalarining tegishli lavozimlari uchun belgilangan mehnatga haq to‘lash miqdorlari va shtatlari tatbiq etiladi.

Quyidagilar Markaz va uning filiallari faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari va maqsadli badallari;

xalqaro moliya tashkilotlarining grantlari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga:

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan holda Markaz va uning filiallari o‘qituvchilarini attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifasini belgilash tartibini ishlab chiqadi;

Markaz va uning filiallari o‘qituvchilari malakasini oshirishni har 5 yilda bir marotaba 144 soat hajmda ishdan ajralgan holda Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida tashkillashtiradi;

o‘rta tibbiyot xodimlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish choralarini ko‘radi;

Markaz ustavi va uning filiallari nizomini belgilangan tartibda tasdiqlaydi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta'minlaydi;

respublika hududlaridagi o‘rta tibbiyot va farmatsevtika xodimlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash jarayonini yagona andozada olib borilishini ta'minlash maqsadida malaka oshirish va ularni qayta tayyorlash tizimi namunaviy o‘quv reja va dasturlarini rivojlangan davlatlarning ilg‘or tajribasini tatbiq etgan holda tanqidiy ko‘rib chiqib, tasdiqlasin hamda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab amaliyotga joriy etadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid