O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Kobul shahrida muzokaralar o‘tkazdi
29 iyul kuni Kobul shahrida O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Afg‘oniston prezidentining infratuzilma loyihalari bo‘yicha katta maslahatchisi, moliya vaziri vazifasini bajaruvchi Humoyun Qayumi, Afg‘oniston prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hamdulla Muxib, shuningdek, mamlakatning sobiq prezidenti Hamid Karzay bilan muzokaralar o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, uchrashuvlar chog‘ida Afg‘onistonda tinch siyosiy jarayonni tezroq boshlash borasidagi tomonlarning sa'y-harakatlari va O‘zbekistonning qo‘shni mamlakat iqtisodiy infratuzilmasini tiklashga yordami muhokama qilindi.
“Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, qardosh Afg‘oniston bozorida O‘zbekistonning iqtisodiy mavqeini yanada oshirish borasidagi siyosatini yuqori baholadi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripovning 1 iyul kuni Afg‘onistonga tashrifining muvaffaqiyatli yakunlari e'tirof etildi.
Afg‘oniston moliya vaziri vazifasini bajaruvchi Humoyun Qayumi O‘zbekiston hukumati rahbarining Afg‘onistonga tashrifi yakunlariga ko‘ra erishilgan barcha kelishuvlarning amalga oshirilishini tasdiqladi.
Muzokaralar chog‘ida avvalo Afg‘oniston xalqining eng muhim manfaatlari va ehtiyojlariga mos keluvchi energetika va transport-kommunikatsiya sohalaridagi infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirishga tomonlarda o‘zaro qiziqish va ularning hamkorlikka tayyorligi bildirildi.
Humoyun Qayumi Afg‘oniston tomoni joriy yil sentabr oyida “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish tarmog‘ini qurish to‘g‘risidagi shartnomani imzolashni rejalashtirayotganini ham ta'kidladi.
Mavzuga oid
22:45 / 02.11.2024
Qo‘shtepa kanali bo‘yicha afg‘on-o‘zbek muzokaralarning uchinchi bosqichi Toshkentda o‘tkaziladi
10:00 / 02.11.2024
Prezident maxsus vakili Niderlandiya elchisi va AQSh eksperti bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi
17:01 / 29.10.2024
Afg‘onistonda ayol olti egizakni dunyoga keltirdi
07:30 / 28.10.2024