O‘zbekiston | 14:23 / 30.07.2019
14482
6 daqiqa o‘qiladi

Prezident qarori loyihasi: «O‘zstandart» tuzilmasida jiddiy o‘zgarishlar kutilyapti

Foto: O‘zstandart

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasida muvofiqlikni baholash tizimini yanada takomillashtirish, sinov laboratoriyalari kompleksini rivojlantirish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda “O‘zstandart” agentligining:

“O‘zstandart” agentligining “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasini 2020 yil 1 yanvardan “O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” davlat korxonasiga (“UzTest”) aylantirish hamda uning muassisi etib Standartlashtirish, sertifikatlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish ilmiy-tadqiqot institutini belgilash;

“O‘zstandart” agentligining “Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi” davlat korxonasi vorisi etib “UzTest” davlat korxonasini belgilash;

Toshkent shahrida xalqaro tashkilotlarning (ISO, IEC, UNECE, EN CODEX STAN) standartlari, talab va me'yorlariga muvofiq oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, elektrotexnika, yengil sanoat, mashinasozlik, qurilish, polimer va kimyo sanoati mahsulotlari hamda yuqori texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning sinovlarini to‘liq amalga oshiradigan zamonaviy sinov va nazorat laboratoriyalaridan iborat “UzTest” davlat korxonasining Sinov va nazorat kompleksini tashkil etish;

“O‘zstandart” agentligining hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlari davlat korxonalarini tugatish;

tugatilayotgan hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlarining bino va inshootlari, laboratoriyalari hamda moddiy-texnika vositalari negizida “UzTest” davlat korxonasining hududiy filiallarini, “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat korxonasi hududiy filiallarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Muvofiqlikni baholash tizimini takomillashtirish, sinov va kalibrlash laboratoriyalarini rivojlantirishga doir kompleks chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanadi.

“UzTest” davlat korxonasining Sinov va nazorat kompleksi tomonidan o‘zlashtiriladigan mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish yo‘nalishlari tasdiqlanadi.

Quyidagilar “UzTest” davlat korxonasining Sinov va nazorat kompleksini tashkil etish, texnologik asbob-uskuna bilan jihozlash va modernizatsiyalash ishlarini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 iyundagi “Jahon banki ishtirokida O‘zbekiston Respublikasida meva-sabzavotchilik tarmog‘ini rivojlantirish loyihasini amalga oshirishda qo‘shimcha tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–3790-son qaroriga muvofiq Jahon banki tomonidan 25 yil muddatga yillik 2 foiz stavkada ajratiladigan 11,6 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘;

UNI Credit Bank (Chexiya) tomonidan 7 yil muddatga yillik 2,1 foiz stavkada ajratiladigan 3,88 mln yevro miqdoridagi mablag‘;

xalqaro moliya institutlarining grantlari, imtiyozli kreditlari va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Belgilanishicha, “UzTest” davlat korxonasining Sinov va nazorat kompleksi tarkibidagi sinov laboratoriyalari mahsulot sinovlarini amalga oshirish bilan birga “O‘zstandart” agentligining hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Davlat sanitariya-epedimiologiya nazorati markazining buyurtmalari (ish rejalari)ga asosan davlat nazorati bilan bog‘liq sinovlarni (o‘simliklar karantini xizmati va farmatsevtika mahsulotlari bundan mustasno) amalga oshiradi.

Belgilab qo‘yilishicha, 2020 yil 1 yanvardan:

akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari mahsulot sinovlarini “O‘zstandart” agentligi rasmiy saytida joylashtirilgan sinov dasturlari asosida o‘tkazadi;

bir turdagi mahsulotga nisbatan tasdiqlangan sinov dasturini ikkita va undan ortiq xususiy sinov laboratoriyalari to‘liq xalqaro talablar asosida o‘zlashtirgan va hududlararo ta'minlangan taqdirda, davlat organlari tizimiga kiradigan sinov laboratoriyalari tomonidan mazkur mahsulotning sinovi faqat davlat monitoringi hamda nazorati maqsadlarida amalga oshiriladi;

mahsulot sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi ruxsat beruvchi hujjatlar va muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtirish idoraviy bo‘ysunuvidan qat'i nazar akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalarida o‘tkazilgan ijobiy sinov natijalariga asosan amalga oshiriladi;

akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari xalqaro standartlarga asosan yangi sinov uslublarini o‘zida joriy etsa, uch oy ichida akkreditatsiya doirasini kengaytirish majburiyatini olgan holda ushbu uslub bo‘yicha muvofiqlikni baholash ishlarini amalga oshirishlariga ruxsat etiladi. Bunda, yangi sinov uslublarini qo‘llashga akkreditatsiya sohasini kengaytirish uchun belgilangan tartibda taqdim etilgan buyurtma asos bo‘ladi;

muvofiqligi tasdiqlanishi shart bo‘lgan mahsulotlar sinovini amalga oshirmaydigan va tashkilotlarning o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun tashkil etiladigan sinov laboratoriyalarini akkreditatsiya qilish o‘rniga ularning texnik jihatdan malakaliligini ma'qullash tartibi joriy etiladi. 

Bunda, mazkur bandda nazarda tutilgan qoidalar o‘simliklar karantini xizmati va farmatsevtika mahsulotlariga tatbiq etilmaydi.

Mavzuga oid