Jamiyat | 08:19 / 31.07.2019
38224
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi 218-maktab o‘qituvchilari bilan bog‘liq holat o‘rganilmoqda - XTV

Foto: KUN.UZ

XTV Toshkent shahridagi 218-maktab o‘qituvchilarini majburiy mehnatga jalb etilganligi haqidagi xabarni o‘rganmoqda, deb xabar berdi Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati xodimlari mazkur ma'lumotni o‘rganib chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi doirasida ushbu holatga yo‘l qo‘yganlarga chora ko‘radi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 14 avgustdagi PQ-3907-sonli qarorining 16-bandiga ko‘ra xalq ta'limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish ishlari, mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishlari, shuningdek, boshqa turdagi ishlarga jalb qilish qat'iyan ta'qiqlangan.

Mazkur bandga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda pedagog xodimlarning huquq va erkinliklarini cheklash holatlarini o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etish maqsadida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda nazorat tadbirlarini o‘tkazish hamda aybdor shaxslarning javobgarlikka tortishni ta'minlash topshirilgan.

Shuningdek, Xalq ta'limi vazirligi bu kabi holatlarni oldini olish va xalq ta'limi tizimi xodimlari huquqlarini himoya qilish maqsadida shikoyatlarni qabul qilishda qulay bo‘lgan virtual inspektorni ishga tushirgan. Tizimdagi xodimlar majburiy mehnatga jalb etilganida, huquqlari buzilganida yoki turli to‘lovlarga majburlangan holatlarda ovoz.uzedu.uz sayti yoki +998 99 988 10 06 telefoni va telegram raqamiga murojaatlarini yuborishlari mumkin.

Mavzuga oid