O‘zbekiston | 21:38 / 02.08.2019
15997
3 daqiqa o‘qiladi

Chet el fuqarosi O‘zbekistonda qurol olsa, quroli bilan birga besh kun ichida respublikadan chiqib ketishi kerak

O‘zbekistonda qurol xarid qilgan xorij fuqarolari besh kun ichida mamlakatdan chiqib ketishi talab etiladi. Chunki me'yoriy hujjatlarda qurol fuqaroning doimiy yashash joyida saqlanishi belgilab qo‘yilgan.

Bu haqda Kun.uz muxbiri qurolga oid munosabatlarda vakolatli organ – Milliy gvardiyaning Nazorat-ruxsat berish faoliyati bo‘limi bosh inspektori Alisher Musayevga asoslanib xabar bermoqda.

Musayevning so‘zlariga ko‘ra, «Qurol to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinguniga qadar O‘zbekistonda faqat mamlakat fuqaroligiga ega shaxslarning qurol olishi tartibi bo‘lgan. Yangi qonunga asosan esa respublikada doimiy yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolari ham qurol olishi mumkin.

«Ular ham belgilangan tartibda murojaat qilaveradi, bu holat xalqaro normativ-hujjatlarga to‘liq javob beradi. Vaqtinchalik kelgan chet el fuqarolari ham qurol olish huquqiga ega. Ammo ular besh kun ichida qurolni o‘zi bilan birga olib, O‘zbekistondan chiqib ketishi kerak. Chunki me'yoriy hujjatlarda qurol fuqaroning doimiy yashash joyida saqlanishi qayd etilgan», – dedi Milliy gvardiya rasmiysi bugun «Taraqqiyot strategiyasi» markazida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Anjumanda ta'kidlanishicha, o‘qotar ov quroli olayotgan odam O‘zbekiston baliqchilar va ovchilar sport birlashmasiga a'zo bo‘lishi shart. A'zo bo‘lmaganlarga esa qurol berilmaydi. Fuqaro birlashma a'zoligi to‘lovini vaqtida to‘lab bormasa, u a'zolikdan chiqariladi va quroldan foydalanishi to‘xtatib qo‘yiladi. Ikkisi parallel ravishda ketishi kerak.

Qurol xarid qilgan fuqaroning yashash va ish joyidagi xulq-atvori, yurish-turishi, jinoyat sodir etganligi, qurolni saqlash shart-sharoitlari Milliy gvardiya tomonidan doimiy nazorat qilib boriladi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid