Agrippina Shin onalik ta'tili 2 yil bo‘lgani holda bog‘chaga bolalar 3 yoshdan qabul qilinayotganiga izoh berdi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi mutasaddilari va vazir Agrippina Shin ishtirokida jurnalistlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Kun.uz muxbiri vazirga “onalik ta'tili 2 yil davom etadi, ammo bolani maktabgacha ta'limga jalb qilish 3 yoshdan boshlanadi. O‘rtada bir yil onalar uchun noqulay payt, shunga qanday izoh berasiz?” deya savol berganida, vazir:
- Bu masala ko‘pchilikni qiziqtiradi, o‘zimga ham bu savolni ko‘p berishadi. Onalarni to‘g‘ri tushunaman, lekin bir narsani anglab yetishimiz kerak – bola aynan 3 yoshdan boshlab ta'limga moslashadi va 7 yoshigacha asosiy axborotlarni qabul qilib oladi. Yana bir jihati, o‘zi shundoq ham bolalarni qamrab olishimiz 40 foiz atrofida, qabul yoshini 2 yoshga tushirsak, bu ko‘rsatkich yanada tushadi. Lekin bu 2 yoshdagi bolalar umuman qabul qilinmaydi, degani emas. Davlat-xususiy sherikchilik tizimida, xususiy bog‘chalarda 2 yoshdan olishga ruxsat berilgan. Bundan tashqari, onalar bola 2 yoshigacha haq to‘lanuvchi ta'tilda bo‘lsalar ham, bola 3 yoshigacha ish o‘rinlarini saqlab qoladilar. Eng muhimi, qamrab olish imkoniyatlarimiz kengayishi bilan biz bu masalani qayta ko‘rib chiqamiz, - deya javob berdi.
Mavzuga oid
20:40 / 09.07.2024
Agrippina Shin Toshkentdagi Puchon universitetiga rektor etib tayinlandi
09:28 / 24.03.2023
Agrippina Shin Maktabgacha ta’lim agentligi direktori etib tayinlandi
19:20 / 15.12.2022
Agrippina Shin: Tarbiyachilarning maoshini oshirish uchun yiliga 2,5 trln so‘m kerak
18:56 / 15.12.2022