O‘zbekiston | 23:12 / 10.08.2019
7899
7 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro uchrashuvlarga mezbonlik qilish. O‘zbekistonning bu boradagi salohiyati qay darajada?

Bugun dunyo turizmi tarixida ilk bor O‘zbekistonda MICE turizm – uchrashuvlar, konferensiyalar, tadbirlar turizmi bo‘yicha o‘zbekistonlik shu sohada faoliyat yurituvchi davlat va xususiy sektor vakillari uchun xalqaro darajadagi trening o‘tkazildi.

MICE turizm qanday tashkillashtiriladi?

Mashg‘ulotlar, asosan, Xalqaro kongress va anjumanlar uyushmasi (ICCA) Yevropa mintaqaviy direktori Elif Balchi Fusunuglu tomonidan o‘tkazildi. Uning ta'kidlashicha, uchrashuvlarni tashkillashtirish uchun, avvalo, manzil tanlash muhim. So‘ngra tashkiliy ishlar menejmenti, transport va mehmonxonalar bilan bog‘liq masalalar hal qilinishi kerak.

Ta'kidlanishicha, xalqaro doiradagi tadbirlarni tashkillashtirishda havo yo‘llari kompaniyalarining ishtiroki ahamiyatli. Negaki, tashrif buyuruvchi o‘z manziliga qanday yetib borish haqida ko‘proq qayg‘uradi. Shuning uchun halqaro havo yo‘llari kompaniyalari bilan hamkorlikning rivojlantirilishi soha taraqqiyoti uchun yordam beradi.

Bundan tashqari, mehmonxonalar ham tunash va ovqatlanish servisi bilan birgalikda turli tadbirlarga mezbon bo‘lish funksiyasini ham bajarishi bilan uchrashuvlar sanoati shakllanishiga yordam berishi mumkin.

«Bu borada davlat va xususiy sektorning ahamiyati birday muhim. Negaki, tashkilotchilikda asosiy kuch xususiy sektor bo‘lgani bilan davlatning qo‘llab quvvatlashiga ko‘p narsa bog‘liq», - deydi Elif Balchi Fusunuglu.

Uchrashuvlar sanoati turizm biznesining eng foydali yo‘nalishi

Treningda ta'kidlanishicha, uchrashuvlar xalqaro va milliy doirada quyidagi mavzularda o‘tkazilishi mumkin:

-        Ilmiy;

-        Ta'limiy;

-        Biznes;

-        Madaniy;

-        Ko‘rgazmalar namoyishi;

-        Qishloq xo‘jaligi;

-        Energetika;

-        Tibbiyot.

Ularda g‘oyalarni bo‘lishish, o‘rganish, o‘qitish, motivatsiya olish imkoni mavjud. Turizmning bu yo‘nalishi ob-havo bilan ham hisoblashib o‘tirmaydi.

«Tashqarida 50 daraja issiq bo‘lgani bilan agar konferensiyalar zalida konditsioner yaxshi ishlasa, shuning o‘zi yetarli», deydi  ICCA eksperti.

        Moliyaviy jihatdan ham turli uchrashuvlar tashkillashtirish turizm sohasida boshqa yo‘nalishlarga qaraganda o‘rtacha 3-5 baravar daromadliroq ekanligi ham qayd etib o‘tildi. Bugun dunyo aholisining 26 millioni aynan turli darajadagi tadbirlar, uchrashuvlar tashkillashtirish yo‘nalishida faoliyat yuritadi.

        Uchrashuvlar sanoatining eng asosiy richagi AQShda joylashgan bo‘lib, bu yerda 5,9 million kishi shu sohada faoliyat yuritadi, Buyuk Britaniyada esa bu ko‘rsatkich 530 ming nafarni tashkil qiladi.

O‘zbekiston 10 yilda 15 ta xalqaro darajadagi tadbirga mezbonlik qilgan

        Elif Bulchu Fusunuglu xonimning ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan 2009-2018 yillar davomida O‘zbekiston bor-yo‘g‘i 15 ta xalqaro uchrashuvga mezbonlik qilgan. Xorij bilan solishtiradigan bo‘lsak, bu davr mobaynida Turkiya 1 636 ta, Birlashgan Arab Amirligi 672 ta, Qozog‘iston esa 100 ta uchrashuv tashkillashtirgan.

        Ayni paytda O‘zbekistonda Xalqaro kongress va anjumanlar uyushmasi (ICCA)ning a'zolari ham bor-yo‘g‘i bitta bo‘lib, uning faolligi ham qoniqarli darajada emas.

        Biroq mamlakatda vizaga berilgan erkinlik va boshqa o‘zgarishlar tufayli O‘zbekistonda ham uchrashuvlar sanoatini rivojlantirishga umid qilsa bo‘ladi.

Yevropadagi uchrashuvlar sanoatida pasayish, Osiyoda o‘sish kuzatilmoqda. O‘zbekistonda ham ijobiy trend paydo bo‘ladimi?

ICCA statistikalariga qaraganda, Yevropada tashkillashtiriladigan uchrashuvlar soni 1963-1967 yilgi 71.8 foizdan 2013-2017 yillarda 53.6 foizga tushgan. Osiyoda esa o‘sish kuzatilmoqda. Mintaqa bu yo‘nalishda har o‘n yillikda 2 foiz o‘sishni qayd etmoqda.

Chunki uchrashuv sanoatida ham doimiy yangilanish kuzatiladi. Masalan, bitta mavzuga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazish uchun doimiy mashhur Fransiya, Germaniya kabi hududlardan tashqari yangi-yangi manzillarni izlashga moyillik kuchli.

Shuning uchun ham O‘zbekistonda ham uchrashuvlar tashkillashtirish sanoatini rivojlantirish imkoniyati mavjud.  

«Buning uchun faqat poytaxt Toshkentga emas, balki boshqa mahalliy hududlarga ham mehmonlarni taklif qilish, hududlarda ham mezbonlik qilish potensialini yaratish zarur», deya Elif Balchi Fusunugluning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

MICE turizmga doir qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda

«Viza tizimidagi erkinlik va O‘zbekistondagi ochiqlik tufayli bugun mamlakatning turizm salohiyati rivojlanmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonga o‘rtacha 5 soatda samolyot orqali yetib kelish mumkin bo‘lgan davlatlarda O‘zbekistonning turistik va uchrashuvlar tashkillashtirish bo‘yicha imkoniyatlarini targ‘ib qilmoqdamiz.

 Lekin hozir poytaxtning o‘zida  tadbirlarga mezbonlik qila oladigan sanoqli mehmonxonalarimiz bor. Biroq olib borilayotgan qurilish ishlari tugallangandan so‘ng bu borada ancha katta imkoniyatlarga ega bo‘lamiz», - deya O‘zbekistondagi ayni paytdagi real vaziyat haqida ma'lumot berdi Butunjahon turizm tashkilotining «Ipak yo‘li ofisi» direktori Mirtolib Mirzohidov.

Shuningdek, Mirtolib Mirzohidovning bayon qilishicha, O‘zbekistonda aynan MICE turizmni rivojlantirishga qaratilgan qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Ma'lumot uchun: bugungi biznes-trening joriy yil may oyida Xorvatiyaning Zargeb shahrida BMT Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Yevropa Komissiyasi yig‘ilishida qatnashgan O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi rahbariyati tomonidan UNWTO va Xalqaro kongress va anjumanlar uyushmasi (ICCA)  bilan kelishgan holda tasdiqlangan edi.

Ushbu komissiyaning navbatdagi 65-sessiyasi  2020 yil iyun oyida O‘zbekistonda o‘tkazilishi mumkin. 

 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid