O‘zbekiston | 14:43 / 17.08.2019
6103
2 daqiqa o‘qiladi

Advokatlik guvohnomalari berish tartibi takomillashtiriladi 

Foto: Shutterstock

2019 yil 17 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari hamda dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi.

Deputatlarning bahs-munozarasiga sabab bo‘lgan masalalardan biri «Advokatura to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasidir, deb yozadi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi Qonunida advokatlik guvohnomasining shaklini va uni berish tartibini tasdiqlash Adliya vazirligi vakolatiga kiritilgan. 

Muhokamalar chog‘ida jamoat tashkiloti hisoblangan Advokatlar palatasiga birlashgan advokatlarga guvohnoma nima sababdan davlat organi, Adliya vazirligi tomonidan berilishi deputatlarda savol tug‘dirdi. Loyiha tashabbuskorlari va mas'ul qo‘mita vakillari bunga javoban, advokatlar inson huquqlarini himoya qilishi, kasbi nuqtai nazaridan barcha darajadagi tashkilot, idora va muassasalarga kirishi, turli darajadagi mansabdor shaxslar bilan muomalada bo‘lishini nazarda tutib, qolaversa, ushbu kasb egalarining mavqeini ko‘tarish, ayni paytda mas'uliyatini oshirish maqsadida Hukumat tomonidan advokatlik guvohnomasini berish tartibi joriy qilinayotganini qayd etdilar. 

Qolaversa, advokatlik litsenziyalanishi shart bo‘lgan faoliyat turi hisoblanib, litsenziya berish ham vazirlik zimmasidagi mas'uliyatga kiradi. Ta'kidlanishicha, ushbu qonun loyihasi bilan advokatlik guvohnomalari berish tartibi takomillashtiriladi, bu borada byurokratik omillar kelib chiqishi ehtimolining oldi olinadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid