O‘zbekiston | 22:33 / 17.08.2019
22130
4 daqiqa o‘qiladi

IIVga qarashli markazdan o‘tuvchi kanal chiqindixonaga aylanganmi?

Ijtimoiy tarmoqda Samarqand viloyati hududidan oqib o‘tuvchi Siyob kanali chiqindixonaga aylangani tasvirlangan rasm tarqalgandi. Suratlarda kanalning ichki ishlar vazirligiga qarashli bo‘lgan reabilitatsiya markazi hududidan oqib o‘tgan qismida chiqindilar uyumi ko‘ringan. Bu holatni o‘rganish maqsadida Ulug‘bek rasadxonasi yaqinida joylashgan reabilitatsiya markaziga bordik.

Shom vaqtida markazga bordik. Bizga markaz muhandisi Shuhrat Asadov yo‘l ko‘rsatdi va tarmoqda tarqalgan hududni topib borishimizga yordam berdi. U joyga xalq tilida «yangi yo‘l» deb ataladigan ko‘cha orqali borish mumkin.

"Kanalning IIVga tegishli markazga nima aloqasi bor?" deyishingiz mumkin. Gap shundaki, avval sanatoriy bo‘lgan va keyinchalik reabilitatsiya markaziga aylantirilgan IIVga qarashli tashkilot hududiga Siyob kanali oqib o‘tgan yerlar ham kiradi. Kanalning bir qismi va uning atrofidagi 1,2 gektar yer aynan IIVga tegishli. Shu bois o‘sha hududdagi kanalning tozaligiga ham markaz javobgar. Suratga olish jarayonida tarmoqda tarqalgan chiqindi uyumlari ko‘rinmadi, o‘sha kadrdagi yerni ham topdik, ammo u yerda faqat suv o‘tlari uyulib turgandi.

Biz bilan suhbatda bo‘lgan markaz muhandisining aytishicha, tarmoqda tarqalgan surat shu kunlarda olinmagan. Markaz xodimi kadr qachon bo‘lsa ham kuzda olinganini taxmin qildi. Uning aytishicha, atrofda yashaydigan aholi o‘z chiqindilarini aynan Siyobga tashlaydi va markaz xodimlari har hafta qayiqqa minib, chiqindilarni tozalashga majbur bo‘lishadi. Biz suratga olgan vaqtda ham suvning zilol emasligini ko‘rishingiz mumkin, ammo bu yashil narsalar yuqorida aytganimizdek suv o‘tlari.

Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan rasm

Markaz muhandisidan bu yerga odamlarning chiqindi tashlashini to‘xtatish uchun nima qilish mumkinligini so‘raganimizda, buning yechimi o‘sha kanal atrofidagi yerlarni foydalanish uchun berish ekanini aytdi. Ma'lum bo‘lishicha, ba'zi tadbirkorlar bu yerda baliqchilik biznesini rivojlantirish uchun taklif bergan, ammo ular yerni qisqa muddatga emas, uzoq muddatga ijaraga olishni xohlagan. Tashkilot hozir bu yerdan foydalanish istagini bildirgan boshqa tadbirkorlar bilan muzokara olib borayotganini ta'kidladi. Chindan suv bo‘yida joylashgan bu so‘lim yerdan ko‘p maqsadda unumli foydalanish mumkin.

Shu o‘rinda Samarqandda chiqindi bilan bog‘liq muammo haqida ikki og‘iz. Shahar markazida-ku ko‘z tegmasin, har xil chiqindi tashlashga moslashgan alohida ixcham konteynerlar bor, ammo shahar chekkasida chiqsangiz, chiqindi tashlagani joy qidirib, qiynalasiz.

Bu so‘zlarni o‘qiyotgan rahbarlar tag‘in obodonlashtirishda ishlayotgan xodimlarni «giribonidan olmasaydi» deb qo‘rqamiz. O‘z ishini hammadan yaxshi kim uddalayapti deyishsa, shaxsan men mana shu obodonlashtirishdagilarni aytardim. Ular o‘ziga berilgan topshiriqni bajarishadi xolos. Hamma gap tashkilotchilarda, bizningcha...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi

Mavzuga oid