O‘zbekiston | 14:25 / 18.08.2019
12005
2 daqiqa o‘qiladi

Havo floti kuni: Chirchiqda harbiy aviashou o‘tkazildi

Foto: Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekistonda har yili avgust oyining uchinchi yakshanbasida Havo floti kuni nishonlanadi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi tomonidan «Chirchiq» poligonida tantanali tadbir o‘tkazildi.

Unda mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i general-mayor Pavel Ergashev, mudofaa vaziri o‘rinbosari, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondoni general-mayor Axmad Burxonov, Toshkent harbiy okrugi qo‘mondoni polkovnik Zokirjon Sayfudinov, shuningdek, boshqa mas'ul ofitserlar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda fuqarolar ishtirok etdi.

«Tadbir avvalida harbiy uchuvchilarni yod etish monumentiga tashrif buyurilib, marhum uchuvchilar xotirasiga hurmat bajo keltirildi. Yodgorlik monumenti yonida Qurolli Kuchlar akademiyasi harbiy orkestrining musiqiy chiqishlari yig‘ilganlarga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.

Tantanali tadbir Chirchiq aerodromida davom etdi. Tadbirda so‘z olganlar sohaning bugungi kundagi rivoji, ushbu yo‘nalishda hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar xususida to‘xtalib, soha fidoyilarini kasb bayrami bilan samimiy qutladi.

Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligining bir guruh harbiy xizmatchilariga Mudofaa vazirligining «Namunali xizmati uchun» ko‘krak nishoni, faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Marosim so‘ngida yig‘ilganlar uchun zamonaviy uchish texnikalari va o‘ziga xos aviashou namoyish etildi», deyiladi Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabarida.

Mavzuga oid