Jahon | 17:03 / 19.08.2019
22263
2 daqiqa o‘qiladi

FXX 2019 yilda Rossiyaga o‘qishga kelgan xorijliklar haqida ma'lumot berdi: o‘zbekistonliklar 3-o‘rinda

Foto: RIA Novosti / Aleksandr Kryajyev

Rossiya federal xavfsizlik xizmatining chegara xizmati 2019 yil boshidan buyon mamlakatga o‘qish maqsadida kelgan xorij fuqarolari sonini ma'lum qildi, deb yozadi RBK.

FXX 2019 yilgacha mamlakatga kirayotgan xorijliklarni ro‘yxatga olishda statistika qo‘mitasining 2000 yildagi farmoniga asoslanardi, unda Rossiyaga o‘qish maqsadida kelganlar haqida ma'lumot berilmasdi. Yangilangan hujjatda Rossiyaga kirishdan maqsadi to‘ldiriladigan satrda «ish» va «o‘qish» satrlari paydo bo‘ldi.

FXXning ma'lumot berishicha, joriy yilning dastlabki ikki choragida Rossiyaga 181,5 ming xorijlik o‘qish uchun kelgan. Eng ko‘p talaba Qozog‘istondan - 59,3 ming nafar. Keyingi o‘rinlarda esa Xitoy va O‘zbekistondan kelganlar joylashgan – mos ravishda 21,2 ming va 14 ming talaba. To‘rtinchi o‘rinda 13,7 ming talaba bilan Ukraina turibdi.

Bundan tashqari, Rossiyaga o‘qish uchun Eron, Hindiston, Janubiy va Shimoliy Koreya, Misr, Marokash, Vetnam va AQShdan ko‘pchilik keladi. Buyuk Britaniyadan 767 kishi, Kanadadan 99 kishi kelgan. Belorussiya 231 talaba bilan 47-o‘rinda. Rossiyaga hammasi bo‘lib 174 mamlakatdan o‘qish uchun kelishgan.

“Chegara xizmatidan olingan ma'lumotlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerak. Chegara statistikasi xorij fuqarosining kirish-chiqish faktini qayd etadi. Agarda talaba yil davomida chegarani o‘n marta kesib o‘tsa, chegarachilar o‘n nafar talaba sifatida qayd etishadi. Bundan tashqari, vizasiz davlatlar fuqarolari o‘qish maqsadida kelganini chegarachilarga og‘zaki ravishda aytishadi. Bu ma'lumotni esa tekshirish qiyin”, deydi MDU iqtisodiy fakulteti aholishunoslik iqtisodiyoti laboratoriyasi mudiri Olga Chudinovskix.  

Rossiya ta'lim vazirligining ma'lumotlariga ko‘ra, 2018 yil boshida Rossiyada 247 mingdan ortiq xorijlik talabalar bo‘lgan. 

Mavzuga oid