O‘zbekiston | 21:30 / 19.08.2019
23148
4 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qon shahrida nodavlat ta'lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi Qo‘qon universiteti tashkil etildi

Vazirlar Mahkamasi Qo‘qon universitetini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Qaror bilan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda “Da Vinci” mas'uliyati cheklangan jamiyatining Qo‘qon shahrida nodavlat ta'lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi Qo‘qon universitetini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Quyidagilar Universitetning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:

Universitetda O‘zbekiston oliy ta'lim dasturlari bilan birga dunyoning nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasalarining oliy ta'lim dasturlarini joriy etish;

respublika iqtisodiyoti real sektorlari tarmoqlarining ehtiyojlarini hisobga olgan holda yuqori malakali oliy ma'lumotli mutaxassislarni tayyorlash;

xorijning ilg‘or oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik asosida tajriba almashish dasturlarini amalga oshirish;

o‘quv rejalariga zamonaviy fanlarni kiritib borish, innovatsion hamda ilm-fanga asoslangan texnologiyalarni tatbiq qilish;

ta'lim jarayoniga yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalarining malakali professor-o‘qituvchilari, olim va mutaxassislarini keng jalb qilish;

ta'lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning yangi yutuqlarini joriy etish; 

professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan ularning stajirovkasini nufuzli xorijiy oliy ta'lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish.

Muassisning quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga olishi to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi:

Universitetni zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari, o‘quv va ilmiy adabiyotlar, mebel, kompyuter texnikasi bilan ta'minlash hamda o‘quv jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

Universitetning bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, kapital ta'mirlash hamda jihozlash;

Universitetni tanlov asosida malakali professor-o‘kituvchilar tarkibi bilan to‘ldirish;

har yili ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan farzandlari orasidan tanlov asosida bepul (Universitet granti asosida) 10 nafardan kam bo‘lmagan abituriyentlarni o‘qishga qabul qilish.

Universitet nodavlat oliy ta'lim tashkiloti hisoblanadi.

Universitet ta'lim jarayonini O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan kelishilgan holda xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan malaka talablari, o‘quv reja va fan dasturlari asosida amalga oshiradi.

Universitetda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasida amalda mavjud ta'lim shakllari hamda o‘zbek, rus va ingliz tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Bakalavriat ta'lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari respublika mehnat bozori ehtiyojlari hamda Universitetning moddiy-texnik imkoniyatidan kelib chiqqan holda Universitet tomonidan belgilanadi.

Universitetga abituriyentlarni qabul qilish tartibi va qoidalari Universitet tomonidan belgilanadi.

Universitetda ta'lim faoliyati 2019/2020 o‘quv yilidan boshlanadi.

Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma'lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e'tirof etiladigan belgilangan namunadagi diplom beriladi.

2022 yil 1 avgustga qadar:

Universitet barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan;

Universitetga jalb etiladigan xorijiy professor-o‘kituvchilar va mutaxassislar yagona ijtimoiy to‘lovni va jismoniy shaxslarning daromadlaridan olinadigan soliqni to‘lashdan;

Universitetni jihozlash va faoliyatini tashkil etish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxatlar bo‘yicha olib kelinadigan, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar (shu jumladan laboratoriya uskunalari), kompyuter texnikasi, elektron doskalar, proyektorlar, multimedia mahsulotlari, adabiyotlar, qurilish materiallari va inventar bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinadi.

Mavzuga oid