«Selta»ga qarshi o‘yinda maydonga chiqqan barcha 11 futbolchi o‘tgan yili ham «Real» tarkibida to‘p surishgandi. Axir esingizdan chiqmagan bo‘lsa kerak, madridliklar bu yozda 303 million yevroni transferlarga sarfladi va bu ko‘rsatkich joriy transfer oynasi uchun rekord bo‘lib turibdi. Championat.com sayti ijodkorlari aynan shu rakursdan «Real»dagi vaziyatga nazar tashlab ko‘rishdi.
«Barselona» va «Atletiko» deyarli barcha xaridlarini maydonga sinab ko‘rdi, Angliyada Rodri ilk turlardanoq «Manchester Siti»ning muhim bo‘lagiga aylandi, «Yunayted» yozda kelib qo‘shilgan uch futbolchiga ham tarkibdan joy topib berdi, umuman, transfer oynasida faol bo‘lgan barcha klublarda shunaqa vaziyat.
Ammo Zidan mavsumning ochilish o‘yinida birorta ham yangi futbolchini tushirmadi, buning ustiga, yoz bo‘yi sotib yuborishga harakat qilingan Garet Beyl ham asosiy tarkibda o‘ynadi. «U ketsa, hammamiz uchun yaxshi bo‘ladi», – degandi murabbiy 21 iyul kuni. Shanba kungi o‘yindan so‘ng esa, Zidan futbolchining qolishini aytdi.
Bu qanaqadir xato yoki ahmoqlik emas. Zidanning xohishiga ham aloqasi yo‘q, shunchaki, jarohatlar «Real»ning rejalariga xalaqit bermoqda.
Yaqindagina hammasi zo‘r ketayotgandi. Klub olti nafar futbolchi sotib oldi va ularning har biri ma'lum maqsad uchun sotib olinayotganini payqash qiyinmasdi. Mendi, shunchaki Marseloga raqobatchi emas, u boshqacharoq uslubda ham o‘ynay olishi va ayniqsa, yuqori pressing uchun qo‘l kelishi ham mumkin. Militao bemalol uchinchi markaziy himoyachi bo‘la oladi, Varanning jarohatlarga moyil ekanini e'tiborga olsak, foydali. Yovichning eng muhim xususiyati, Benzemadan farqli ravishda vaziyatlardan oqilona foydalana oladi. Azar – jamoaning yangi yulduzi, o‘tgan mavsumda aynan u kabi futbolchilar yetishmagandi. Umuman oqilona va kuchli transferlar. Keyin esa, muammolar boshlandi.
Asensio jarohati tufayli, deyarli butun mavsumni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. Shuningdek, Braim Dias, Mendi, Rodrigo va Azar ham birin-ketin jarohatlanishdi. Yovich Madrid klubiga keliboq jarohat olgandi va u tiklanib ulgurdi.
Balkim Antonio Kontega «Inter»da yordam bergani ketgan fizioterapevt Antonio Pintusning yo‘qligi bilingandir? Ammo uning o‘rniga kelgan Gregori Dyupon ham oddiy odammas – u «Lill»ning yangi asrdagi qayta tug‘ilishidan (to‘rt marta uchinchi o‘rin, ikki marta ikkinchi o‘rin, bir marta chempionlik va Fransiya kubogi) ishtirokchilaridan bo‘lgan, Fransiya terma jamoasi bilan Rossiyadagi jahon chempionatida qatnashgan. Uning jalb etilishi «Real» uchun xato emas, zero mavjud jarohatlarning xarakteri ham Dyuponga bog‘liq emasligidan dalolat qilmoqda. Bu hozircha, shunchaki, vaziyat taqozosi bo‘lib turibdi.















