Jamiyat | 15:26 / 24.08.2019
9943
6 daqiqa o‘qiladi

Yoshlar ittifoqi: kitobga tashna yoshlar uchun cheksiz imkoniyatlar

Kitob – eng odil do‘st, beminnat muallim, bebaho xazina. Dunyodagi eng zo‘r kashfiyot ham kitobdir. Kitob bo‘lmaganda buyuk kashfiyotlarning qay biri ixtiro qilingan bo‘lar edi? Kitobga yo‘ldosh inson hayotning har qanday sinovini tafakkur bilan yengib o‘ta oladi. U ong va qalbimiz ehtiyojini qondiribgina qolmay, ruhimizni ham tarbiyalab boradi, bizni shaxs sifatida shakllantiradi. Kitobxonning ma'naviyatida bo‘shliq bo‘lmaydi.  Mutolaa insonni hamisha ma'nan yuksaltirgan. Bugungi axborot asrida tengdoshlarimizning kitobga oshnoligi, mustaqil fikrlay olishi, mustahkam hayotiy pozitsiyaga egaligi kishini quvontiradi.

1 mln 210 ming 399 nafar yoshlar “Yosh kitobxon” respublika tanlovida qatnashdi... 

Ayniqsa, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan eng yaxshi kitobxonlarga Prezident sovg‘asi “Spark” avtomashinasi taqdim etilishi ko‘plab yoshlarning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirdi. Buni tanlovga qatnashish istagini bildirgan yoshlarning 1mln 210 ming 399 nafarga yetganidan ham bilishimiz mumkin. 2019 yilgi “Yosh kitobxon” respublika tanlovining hududiy bosqichi 5 avgust kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida start oldi. Mazkur bosqichda 10-14, 15-19 va 20-30 yosh toifasidagi jami 94 ming 363 nafar yoshlar orasidan saralab olingan 42 nafar yosh kitobxonlar 2 ta shart asosida bellashdi. Tanlovning hududiy bosqichi 28-29 avgust kunlari Toshkent shahrida yakunlanadi. G‘oliblar oktabr-noyabr oylarida Respublika bosqichida bahsni davom ettiradi. 

288 ta harbiy qism va muassasadan 25 ming 435 nafar yosh harbiy xizmatchilar “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovida bellashdi...

Shuningdek, kuch tuzilmalaridagi yosh harbiy xizmatchilarning ma'naviy saviyasi va intellektual salohiyatini yuksaltirish, milliy merosimizning tarixiy ildizlarini o‘rganish hamda tahlil etish, buyuk ajdodlarimiz va jasur zamondoshlarimizning ibratli hayotini keng targ‘ib etish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari, Davlat bojxona qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovi yosh harbiy xizmatchilar o‘rtasida kitobxonlik maydonini yaratdi. Joriy yilning 25 iyul - 5 avgust kunlari kuch tuzilmalariga qarashli harbiy qism va muassasalarning 30 yoshdan oshmagan yosh harbiy xizmatchilari o‘rtasida “Temur tuzuklari bilimdoni” tanlovining saralash bosqichlari o‘tkazildi. Unda 288 ta harbiy qism va muassasadan 25 ming 435 nafar ishtirokchilar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Tanlovning hududiy bosqichlari 15 avgust kuni Andijon viloyatida start olgan bo‘lsa, 24 avgust kuni Toshkent viloyatida yakunlandi. Hududiy bosqichlarda qatnashchilar “Amir Temurning harbiy saboqlari” va “Amir Temurning o‘gitlari bilimdoni” shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashib, g‘oliblar tanlovning Respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

O‘quvchilar ham o‘qituvchilar ham yangi o‘quv yilini yangi kitoblar bilan qarshi oladi...

Bundan tashqari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi O‘zbekiston yoshlariga ajoyib sovg‘a hozirladi. “Yoshlar kutubxonasi” loyihasi doirasida yana 12 nomdagi kitoblar 10 ming nusxada chop etilib,13 avgust kunidan boshlab maxsus “Bibliobus”lar orqali Samarqand, Jizzax,Sirdaryo viloyatlariga jo‘natildi. Mustaqilligimizning 28 yilligi munosabati bilan yo‘lga chiqqan “Kitoblar karvoni” o‘z manzillari tomon birin-ketin yetib bordi. 16 avgust kuni Samarqandning kitobsevar yoshlari Prezident sovg‘asini tantanali kutib oldi. 12 nomdagi 14 mingdan ziyod badiiy adabiyotlar yangi o‘quv yili oldidan umumta'lim maktablari kutubxonalariga bepul tarqatilishi, hudud yoshlari uchun ajoyib bayram tuhfasi bo‘ldi.

 10 ming nusxadan 12 nomdagi jahon va o‘zbek adabiyotining durdona asarlari kitobxonlarga bir olam quvonch ulashdi...

Kuni kecha “Kitob olami” majmuasida “Yoshlar kutubxonasi” loyihasi doirasida chop etilgan yangi kitoblarning taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. 10 ming nusxadan 12 nomdagi jahon va o‘zbek adabiyotining durdona asarlari yig‘ilgan kitobxonlarga bir olam quvonch ulashdi. Chunki, ularning orasida Cho‘lponning “Ko‘klam ruhi, Sa'diyning “Bo‘ston”, Ch. Aytmatovning “Oxirzamon nishonalari”, Pushkinning “Yevgeniy Onegin” kabi mashhur asarlari o‘rin olgan. Kitobxonlik targ‘ibotiga bag‘ishlangan viktorinaning g‘oliblariga 12 nomdagi kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi.

Bugun kitoblar javonlarda o‘qilmay yotadigan, kutubxonalar kitobxonga mushtoq o‘tadigan davr emas...

Bugun hamma porloq kelajak yaratish istagi bilan harakatda. Yurtimizda keng mutolaa maydonini yaratishga qaratilgan loyihalar, yaratilayotgan imkoniyatlar samarasidan kitobxonlarimiz safi millionlarga yetdi.  “Yosh kitobxon”, “Kitobxon o‘qituvchi”, “Eng yaxshi yosh kitobxon oila” kabi tanlovlarning tashkil etilishi, undagi g‘oliblarning barchaga namuna bo‘lgan holda yoshlarni o‘z ortidan ergashtira olishi buyuk kelajak sari sari tashlayotgan istiqbolli qadamimizdir.

Mavzuga oid