Asalarichilik — azaldan yetti xazinaning biri sanaladi. Shifobaxsh asal yetishtirish, asalarilarni parvarishlash katta mehnat va mahorat talab qiladi.

Joriy yil asalarichilar uchun juda qiyin mavsum bo‘ldi. Bahordagi davomli yomg‘irlar may oyida asal yig‘ib olishga monelik qildi.
Yozda esa asalarichilar asosan paxta gulidan asal olishadi. Biroq Surxondaryodagi asalarichilar oldida yana bir muammo ko‘ndalang bo‘ldi.
Denov tumanining «Hazarbog‘» mahallasida yashovchi, to‘qqiz yildan beri asalarichilik bilan shug‘ullanib kelayotgan fermer Zokir Sharipov o‘zi duch kelgan muammoni hikoya qilib berdi.
Uning aytishicha, may oyi seryog‘in kelgani, asalarilar ucha olmagani uchun an'anaviy may asali yig‘ish imkoniyati bo‘lmagan. Endi paxta asali olinish davrida paxtazorlarga turli zararkunanda hasharotlarga qarshi kuchli pestitsidlar ishlatilayotgani bois asalarilarga ham talafot yetmoqda.


Nega aynan paxtadan asal olinadi? Asalarichi fermerning aytishicha, paxtazorlar juda katta maydonni tashkil etishi, paxta guli yaxshi asal berishi sababli paxta asali olish azaldan ommalashgan.
Muammoga yechim bormi? Asalarichi fermer bu borada o‘z takliflarini ham bayon qildi.
Zokir Sharipovning aytishicha, asalarichilikni ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tarkibida qayta tashkil qilish kerak. Masalan, beda o‘simligi asalni yaxshi beradi. Fermerlarga beda ekish uchun maydonlar ajratilsa ham tuproq unumdorligi oshadi, ham bedaning urug‘ini olish, ham gulidan asal yig‘ish, ham chorvachilik qilish mumkin.

Shuningdek, O‘zbekistonga Amerikadan kirib kelayotgan pavlovniya daraxtini ekish. Uning guli ko‘p asal beradi. Qolaversa, u terakdan ham tezroq o‘suvchi daraxt hisoblanadi va uning yog‘ochini qurilishda va boshqa sohalarda ishlatish mumkin.


















