Jahon | 21:00 / 27.08.2019
8005
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an: Turkiya o‘zining Idlibdagi harbiylarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ishga soladi

Foto: Reuters

Agarda zarurat tug‘ilsa, Turkiya hukumati Suriyaning Idlibidagi o‘z harbiylarini himoya qiladi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunidagi matbuot anjumanida ma'lum qildi.

"Bu yerda [Idlibda] vaziyat shunchalik keskinlashdiki, ayni paytda bizning harbiylarimiz xavf ostida qolishgan. Biz buning davom etishini istamaymiz. Bu yerda zaruriyat tug‘ilganda barcha zarur choralar o‘z vaqtida amalga oshiriladi", - dedi u.

Erdo‘g‘an shuningdek, Idlibda Suriya hukumati armiyasining fuqarolik obektlarini ham bombardimon qilayotgani Sochida imzolangan memorandum bajarilishini qiyinlashtirayotganini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, 19 avgust kuni turklarning zirhli texnikalari Suriya shimolidagi Idlib viloyatida joylashgan Xan-Sheyxun shahri tomon yurish boshlagani xabar qilingandi. 

2 avgust kuni Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida Suriya masalasida o‘tkazilgan muzokaralardan keyin «o‘t ochishni to‘xtatish rejimi» kuchga kirgandi. Suriya arab respublikasi qurolli kuchlari qo‘mondonligi harbiy harakatlar faqatgina Turkiya tomoni 2018 yil sentyabrida Sochidagi muzokaralar natijasida erishilgan Rossiya-Turkiya kelishuvi shartlarini bajargan taqdirda to‘xtatilishini ma'lum qilgan. Bu kelishuvning asosiy punkti og‘ir va o‘rta og‘irlikdagi harbiy qurollarni Idlibdagi harbiysizlashtirilgan hududdan 20 kilometr uzoqqa olib ketish hisoblanadi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid