Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashga doir faoliyati ichki ishlar organlari tomonidan muvofiqlashtiriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, “Fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ishtirok etishi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining ikkinchi o‘qishdagi muhokamasi qizg‘in kechdi.
Parlament quyi palatasining 2019 yil 2 avgustda o‘tgan majlisida deputatlar ushbu qonun loyihasining ayrim normalariga aniqlik kiritish, bahsli normalarni maromiga yetkazish maqsadida loyihani mas'ul qo‘mitaga qaytargan edi. O‘tgan vaqt davomida loyiha parlament a'zolari tomonidan mutasaddi vazirliklar vakillari, mutaxassislar ishtirokida jiddiy ko‘rib chiqildi, deputatlar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida pishiq-puxta holga keltirilib, maromiga yetkazildi.
Loyihaga fuqarolarning jamoat tartibini saqlashda ichki ishlar organlari, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi boshqa organlar hamda muassasalarga ko‘maklashishga, bedarak yo‘qolgan shaxslarni qidirishda ishtirok etishga doir xatti-harakatlarni tartibga soluvchi normalar kiritildi. Bundan tashqari, loyiha bilan fuqarolarning jamoat tartibini saqlashga doir faoliyati ichki ishlar organlari tomonidan muvofiqlashtirilishi belgilanmoqda.
Deputatlarning qayd etishicha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi jamoat tartibini saqlashda ichki ishlar organlari, huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi boshqa organlar va muassasalarga aholi bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish hamda jamoat tartibini saqlash tizimi samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shundan so‘ng xalq vakillari “Mudofaa to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qildilar.
Majlisda qayd etilganidek, qonunning normalari jahondagi va mintaqadagi vaziyatning rivojlanishi, ehtimol tutilgan tahdidlar, milliy xavfsizlikka bo‘lgan xavf-xatarlar va ularga qarshi yo‘naltirilgan mamlakatning salohiyati, shuningdek, keyingi yillarda mamlakatimizda mudofaa sohasida o‘tkazilayotgan islohotlarni inobatga olgan holda, qayta ishlab chiqilgan.
Deputatlarning fikricha, yangi tahrirdagi qonunning qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi qonunchilik tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi. Bu esa, O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatining mudofaa sohasida ochiqligini keng namoyon etish barobarida yurtimiz suverenitetini, hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligi himoya qilinishini ta'minlovchi siyosiy, iqtisodiy, harbiy, ijtimoiy-huquqiy, tashkiliy va boshqa tusdagi chora-tadbirlar tizimini sifat jihatidan yangi pog‘onaga ko‘tarishga zamin yaratadi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Mavzuga oid
19:01 / 11.07.2026
Uy qurilishiga ulush kiritgan shaxslarning mablag‘larini himoya qilish bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlandi
12:37 / 07.07.2026
O‘zbekistonda alifbo islohoti bo‘yicha qonun qabul qilindi
17:55 / 09.06.2026
«Svetofor - yo‘lchiroq, parol - o‘ron» - deputatlar yangi qonunni ma’qulladi
11:57 / 17.05.2026